Davlat dasturi loyihasidagi ijtimoiy tashabbuslar
Ayni kunlarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.
E’tiborli jihati, bu yilgi Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan maqsadlar bilan bir qatorda Prezidentning 2024 yil 18-20 noyabr kunlari Oliy Majlis palatalari majlislarida so‘zlagan nutqida ilgari surgan tashabbuslar ham o‘z aksini topgan.
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun 295 ta amaliy chora-tadbirlar, 87 ta normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda. Ahamiyatlisi, loyihaga so‘nggi yillarda deputatlar, keng jamoatchilik vakillari hamda ekspertlar tomonidan bildirib kelinayotgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar ham kiritilgan.
Jumladan, Davlat dasturi loyihasida milliy taraqqiyotimizning muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan tibbiyot va ta’lim sohalarida boshlangan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator tashabbuslar jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, haqiqatdan keyingi yillarda mamlakatimizda ayni sohalarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Har yilgi davlat dasturlarida bu borada aniq vazifa va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Xususan, joriy yilgi Davlat dasturi loyihasining Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi doirasida 2025 yildan boshlab tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyatini markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yo‘lga qo‘yish hamda markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish, shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarini boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etish shular jumlasidandir.
Aholi salomatligi yo‘nalishidagi chora-tadbirlarni belgilashda har bir yosh toifasi, kasalliklar turi va guruhi, xavflilik darajasi, aholining ijtimoiy ahvoli kabi barcha holatlar qamrab olinganligi barcha yurtdoshlarimizni quvontirmoqda. Agarda soha mutaxassislari va xalqimiz takliflari asosida ushbu chora-tadbirlar yanada takomillashtirilib qabul qilinsa, fuqarolarimizning davlat tibbiy xizmatlariga bo‘lgan ishonchi yanada ortishiga erishiladi.
Misol uchun, dastur loyihasining bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish maqsadida irsiy kasalliklar bilan kasallangan bolalarni dori vositalari, tibbiy buyumlar va shifobaxsh ozuqalar bilan 100 foiz ta’minlash nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, yurak-qon tomir, diabet kasalligi bor bemorlarni davolash ham 100 foizlik ko‘rsatkichda qamrab olinadi. 1 million nafar chaqaloq tug‘ma gipotireoz, fenilketonuriya kasalliklarini aniqlash bo‘yicha neonatal skriningdan, 3-18 yoshli 10 million nafar bola onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha ommaviy va selektiv skriningdan o‘tkaziladi.
Xavf guruhiga mansub bo‘lgan aholini onkologik kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish, xavfli o‘sma kasalliklaridan bir yilgacha o‘lim ko‘rsatkichi 13,8 foizdan yuqori bo‘lmasligiga erishish uchun markaziy poliklinikalarda “Onkonazorat xonasi” uchun alohida akusher-ginekolog shifokori shtati ajratiladi. Natijada yiliga 700 ming nafar ayollarni bachadon bo‘yni saratoni va 1,5 million nafar ayollarni ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha maqsadli skriningdan o‘tkazishga erishiladi.
Albatta, kasalliklarga qarshi samarali kurashish bu ustuvor vazifa. Ammo, aholi kasallikka chalinishining oldini olish, xususan, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish undan-da muhim sanaladi.
Shu bois, Davlat dasturi loyihasining 31-32-bandlarida aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish, katta yoshdagi aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha individual va ommaviy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar ham taklif qilinmoqda.
Qolaversa, loyihada ta’lim va ilm-fan yo‘nalishida ham mamlakatimiz taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar bilan ishlaydigan o‘qituvchilarni sertifikatlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyatini tashkil etish shular jumlasidan.
Ma’lumki, Bosh qomusimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb belgilangan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingandan buyon bu borada ko‘plab tashabbuslar hayotimizga tatbiq etildi. Ayniqsa, yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatini kafolatlashda bu yo‘nalishdagi tashabbuslar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining tashkiliy va moliyaviy mustaqilligini oshirish, ularning faoliyatiga o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy qilish orqali moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining vakolatlari kengaytiriladi. Bunda ularga oliygoh boshqaruv xodimlari va professor-o‘qituvchilarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) belgilash, daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, oliygohning innovatsion va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini sarflash tartibi va yo‘nalishlarini belgilash hamda oliygohning byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi joriy etiladi.
Inson salohiyatini yuksaltirish, ta’lim uchun qulay muhit yaratish ishlarini tashkil etish maqsadida 2025/2026 o‘quv yilidan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilanmoqda.
Shuningdek, ushbu oliygohda “sirkulyar iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining “yashil texnikumlari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy ta’limda grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkaziladi. Bu borada xalqaro tajribani uyg‘unlashtirish, yetakchi kadrlarni tayyorlash maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi ta’lim dasturlari asosida ta’lim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratiladi.
Umuman olganda, 2025 yilgi Davlat dasturi loyihasida nafaqat ijtimoiy, qolaversa, atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida keng ko‘lamli vazifa va chora-tadbirlar taklif etilgan.
Galdagi vazifa yurtimiz taraqqiyoti, yoshlarimizning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro ushbu loyihaning 22 yanvar kuniga qadar bo‘lib o‘tadigan muhokama jarayonlarida o‘z fikr va takliflari bilan faol ishtirok etishidir. Har bir sohada, o‘zimiz istiqomat qilayotgan hududda 2025 yilda amalga oshiriladigan ijobiy tashabbuslar bugun Davlat dasturi loyihasi muhokamasidagi faol ishtirokimizga bog‘liq. Agar biz bugun o‘z tashabbuslarimizni ushbu hujjatda aks ettirsak, bu o‘zgarishlar yil yakuniga qadar o‘z hayotimizga tatbiq etiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA