Data-markazlar ko‘payishi atom energetikasiga bo‘lgan talabni oshirmoqda – ekspert
Energiya iste’molining ortishi, sun’iy intellekt rivojlanishi va data-markazlar soni ortishi mamlakatlarning atom energetikasiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirmoqda. Bu haqda “Ma'no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori, iqtisodchi Baxtiyor Ergashev quyidagicha fikr bildirdi:
–Ta’kidlash kerakki, jahonda atom energetikasiga qiziqish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayon nafaqat rivojlangan davlatlar, balki sanoatni modernizatsiya qilayotgan va milliy sanoat rivojlanishi dasturlarini amalga oshirayotgan mamlakatlarga ham xos.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivoji elektr energiyasiga talabni oshirmoqda. Bu esa barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiruvchi muhim omillardan biriga aylanyapti.
Bu texnologiyalarning o‘zi ham katta hajmda elektr energiyasini talab qiladi. Turli baholashlarga ko‘ra, jahonda elektr energiyasi iste’molining qariyb 2 foizi data-markazlar, sun’iy intellektni rivojlantirish bilan bog‘liq loyihalar, shuningdek, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu energiyani ko‘p talab qiladigan infratuzilma bo‘lib, energetika sohasi elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari turini va hajmini kengaytirish orqali ushbu talabga javob berishi lozim.
“Data Center Map” ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 179 mamlakatda 11 449 ta data-markaz mavjud. Ushbu statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda bunday ob’ektlar hozircha 6 ta. Bu raqamlar ortida nafaqat raqamli infratuzilmaning o‘sishi, balki energetika sohasi uchun dolzarb masala ham turibdi. Data-markazlar bulutli xizmatlar, ma’lumotlarni saqlash, moliyaviy operatsiyalar, korporativ tizimlar va sun’iy intellekt asosidagi yechimlar uchun uzluksiz elektr ta’minotini talab qiladi.
Bunday sharoitda atom elektr stansiyalari bulutli xizmatlar, sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish uchun barqaror energiya talab qiladigan texnologik kompaniyalar uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda. Atom elektr stansiyasini nafaqat aholi va sanoat uchun energiya manbai, balki uning atrofida yangi texnologik iste’molchilarni shakllantirish markazi sifatida ko‘rish modeli ham istiqbollidir. Bunga misol sifatida u Rossiyada AES yaqinida joylashgan yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazi tajribasini keltirdi.
Bu borada Rossiyadagi Kalinin AES tajribasi e’tiborga molik. Men ushbu atom elektr stansiyasida bo‘lganman va AES yaqinida Rossiyadagi eng yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazlaridan biri (MQM) joylashganini ko‘rganman. Bunday ob’ektlar uchun barqaror energiya ta’minoti va katta hajmda elektr energiyasi olish imkoniyati nihoyatda muhim. Shu bois MQMni AES yaqinida joylashtirish iqtisodiy jihatdan samarali biznes yechim hisoblanadi.
Shuningdek, AES atrofida uzluksiz ishlash uchun kafolatlangan hajmda elektr energiyasiga ehtiyoj sezadigan yirik iste’molchilar guruhini shakllantirish maqsadga muvofiqligini qayd etdi. Uning fikricha, bu raqamli rivojlanish sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar uchun ayniqsa muhim.
Bunday yondashuv O‘zbekiston uchun ham alohida ahamiyatga ega. Atom energetikasini rivojlantirishni rejalashtirishda amaldagi iqtisodiyot ehtiyojlari bilan birga raqamli infratuzilmaning kelgusidagi talablarini ham hisobga olish zarur.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda AESning tashqi omillarga bog‘liq bo‘lmagan barqaror elektr energiyasi manbai sifatidagi o‘rni ayniqsa muhim. Shu nuqtai nazardan, AES qurilishi bosqichidayoq uning atrofida data-markazlar, va MQMlarni qanday shakllantirish mumkinligi haqida o‘ylash zarur. Bu nafaqat iqtisodiy rivojlanishni, balki yangi turdagi iqtisodiyot - raqamli iqtisodiyot shakllanishini ham rag‘batlantiradi.
AESga atrofida ilg‘or raqamli iqtisodiyot infratuzilmasi va uning tarkibiy elementlari shakllanadigan markaz sifatida yondashish atom energetikasini rivojlantirishdagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Ayniqsa, bu O‘zbekiston uchun dolzarb.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.