Dam olish va bayram kunlari tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi
Aholi salomatligini asrash, xususan, bayram va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida alohida shtab tashkil etildi.
SSV matbuot xizmatining xabar berishicha, 29-avgust – 1-sentabr kunlari mamlakatimizdagi tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari hamda hududlardagi 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida tibbiyot tizimi xodimlari qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
O‘z navbatida, dam olish va bayram kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 200 ga yaqin aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi.
29-avgust – 1-sentabr sanalarida "103" xizmati ham odatiy ish faoliyatini davom ettiradi. Xususan, Respublika tez tibbiy yordam markazining mamlakatimiz bo‘ylab 14 ta hududiy filiali, 189 ta stansiya, 40 ta podstansiya va 1 492 ta tayanch punktida 2 900 dan ziyod tibbiy yordam brigadasi aholi hamda yurtimiz mehmonlaridan kelib tushadigan chaqiruvlar uchun doimiy shay holatda bo‘ladi.
Bundan tashqari, bayram kunlari mamlakatimizdagi barcha tug‘uruq va bolalar davolash muassasalari ham uzluksiz ish olib boradi.
M.Qosimova, O‘zA