Dam olish maskani qurilishida ishlar qizg‘in
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 12 avgustdagi “Buxoro viloyatida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish va turizmni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro tumanidagi “Navro‘z” mahallasida bir kilometr masofada dam olish maskanini barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan.

Zamonaviy andozada quriladigan mazkur maskan, qirqdan ortiq tadbirkorlik sub’ektining savdo va xizmat ko‘rsatish manziliga aylanishi, mehmonlar va xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatilishi barobarida, hudud mikroiqlimini shakllantirishda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Albatta, sohil-bo‘yida tungi yoritish chiroqlari, to‘lig‘icha himoya to‘sig‘i va piyodalar yo‘laklari ham barpo qilinadi.

Loyiha doirasida ko‘chada yoritish ustunlari, o‘rindiqlar, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, audio musiqa tizimini tashkil etish, arka va ustunlar o‘rnatish, shuningdek, hududda foto-zonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yo‘laklari, veloyo‘laklar, yo‘l chekkasida harakatlanishga xalal bermaydigan avtoturargoh va zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatish, bolalar o‘yingohi yaratish kabi ishlar amalga oshiriladi. Shu kunlarda esa hududda pudratchi korxona va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilish-bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.