Dala chetlari va kichik maydonchalar – daromad manbai
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan ushbu tadbirda Karantin agentligi vakili, Mirzacho‘l tuman fermerlar kengashi raisi hamda tumandagi qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, dehqon-fermer xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalari ishtirok etdi.

Seminarda davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan 2024 yil 30 dekabrdagi PQ–465-sonli qarorining mazmun-mohiyati, unda belgilab berilgan imtiyozlar tushuntirilib, dala cheti va kollektor-drenaj atroflaridan samarali foydalanish, ekilgan meva ko‘chatlari va poliz ekinlari parvarishi xususida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Yurtimizda yetishtirilayotgan katta-katta paxta, g‘alla va asosiy ekin maydonlari chetlarida, shu bilan birga kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalaridan samarali foydalanish qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqirish va aholi daromadini oshirishga zamin bo‘la olishi alohida ta’kidlandi.

Bunda asosiy ekinga qo‘shimcha tarzda, dala chetlarida sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish tavsiya etildi. Ana shu kichik maydonlarda qanday va qaysi muddatlarda, qaysi sabzavot va poliz ekinlarini ekish, qanday parvarishlash va ushbu ekinlarini yetishtirish texnologiyasi bo‘yicha batafsil tushinchalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri