Ctrategiya mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi
Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida joylarda seminarlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda bo‘lib o‘tdi.
Senator M.Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Xususan, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.
Seminarda O‘zbekistonda gender masalalariga oid milliy qonunchilik, xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda himoya orderining ahamiyati haqida ham so‘z bordi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimida mehnat qilayotgan xotin-qizlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi va boshqa qonuniy hujjatlarda ayollar uchun ko‘rsatilgan imtiyozlardan to‘la foydalanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ayni kunlarda temir yo‘l tizimida 90 ming nafardan ziyod temiryo‘lchilar xizmat qilmoqda. Ularning 16 ming 625 nafari xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu ko‘rsatkich umumiy ishlovchilar soniga nisbatan 18 foizni tashkil etadi.
Temir yo‘l tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda 40 ga yaqin boshlang‘ich tashkilot raislari faoliyat ko‘rsatadi. Mustaqillik yillarida temiryo‘lchi ayollarimizdan 37 nafari turli darajadagi davlat mukofotlari, 113 nafari “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Hozirda tizimda mehnat qilayotgan xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarning manzilli ro‘yxatlari (Ayollar daftari)ni tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash ishlariga ko‘maklashish maqsadida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ishchi guruh tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarning yashash tarzi, muammolar to‘liq o‘rganilib, jamiyat boshqaruv raisining tegishli buyrug‘iga asosan 294 nafar temiryo‘lchi ayolga 1 million so‘mdan moddiy yordam berildi. Shuningdek, ularning uy-joylari ta’mirlandi, tibbiy, huquqiy, psixologik yordamlar ko‘rsatildi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA