"COBALT" avtomashinasi er zimmasida qoldi
Ma’lumki, qonunchilikda er-xotinning ajrimi, o‘z navbatida o‘rtadagi mol-mulklarining ham bo‘linishiga sabab bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, da’vogar M.X. ham fuqarolik sudiga murojaat qilib, “COBALT” mashinasidan ulushini ajratib berishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 22.02.2024-yildagi ijro varaqasiga asosan J.X.dan M.X.ga kompensatsiya sifatida avtomashina qiymatini teng yarmi, ya’ni 56 million 725 ming so‘m va 2 million 459 ming so‘m sud harajati undirilishi belgilangan.
Shuningdek, sud ishni ko‘rish jarayonida da’voni ta’minlash ajrimi chiqargan bo‘lib, unga ko‘ra avtomashina xatlab qo‘yilgan.
Sudning ijro hujjati Byuroning Andijon shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, tegishli ijro harakatlari olib borildi. Ijro harakatlari davomida javobgar J.X. da’vogar M.X. foydasiga 59 million 184 ming so‘m to‘lab berdi.
Shu munosabat bilan mashina erkak egaligida qoldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA