Chorvachilikni rivojlantirish vazifalari belgilandi
Toshkent viloyatida chorvachilik sohasida 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Qaror va ijro
Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish, mahsuldorlikni oshirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda hududda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida tarmoqning ishlab chiqarish salohiyati tobora yuksalmoqda. Ayni paytda viloyatda qoramollar soni bir million boshdan oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida esa 166 ming tonna go‘sht va 564 ming tonna sut ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkichlar aholining go‘sht-sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashda chorvachilik tarmog‘ining o‘rni muhim ekanini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda soha rivojini yanada jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, chorvachilik tarmog‘iga investitsiyalarni keng jalb qilish, yangi ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish, naslchilik ishlarini takomillashtirish, yuqori mahsuldor naslli chorva mollarini ko‘paytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash borasidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, chorvachilikda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, jumladan, gidroponika usulida ozuqa yetishtirishni kengaytirish orqali chorva uchun sifatli va to‘yimli ozuqa bazasini yaratish masalalariga urg‘u berildi. Viloyatda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari ijrosi ham tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, joriy yil davomida umumiy qiymati 2 trillion so‘m bo‘lgan 252 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihalar doirasida go‘sht va sutni qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda chorvachilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hajmini oshirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda naslchilik yo‘nalishidagi ishlarni kuchaytirish ham dolzarb vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Yuqori mahsuldor naslli chorva mollarini ko‘paytirish, sun’iy urug‘lantirish ishlarini jadallashtirish, naslchilik xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ular faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, chorvachilikning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan ozuqa bazasini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ozuqaga mo‘ljallangan ekin maydonlarini kengaytirish, serhosil va to‘yimli ozuqa ekinlarini yetishtirish hajmini oshirish, mavjud yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Tarmoqda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, ichki bozorda go‘sht va boshqa turdagi chorvachilik mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash ham muhim vazifa ekani qayd etildi.

Prezidentimizning 2026-yil 5-avgustdagi “Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori bu sa’y-harakatlarda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Muloqotda sohada mavjud muammolarni hududlar kesimida o‘rganish, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash va ularning ijrosini tizimli nazorat qilib borish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi. Yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
A.Musayev,O‘zA