Chorvachilik rivoji farovonlik omili
Aholi, dehqon va fermer xo‘jaliklaridagi chorva mollari naslini yaxshilashning yagona usuli sun’iy urug‘lantirish tizimini yaxshi yo‘lga qo‘yishdir.
Bu chorva mollarining mahsuldorligini oshirish, pirovardida daromadni ko‘paytirish hisobiga aholi farovonligi yuksalishiga xizmat qiladi. Hozirgi kunda bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, yaylov va pichanzorlardan samarali foydalanish hisobiga aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash darajasini yaxshilash hamda daromadini oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 noyabrdagi "Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur qarorda chorva mollarini sanoat usulida boqish uchun sug‘oriladigan yerlar hamda ularni haydab boqish uchun pichanzor va yaylovlar, chorvachilik majmualari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, omuxta yem ishlab chiqarish maqsadida bino va inshootlar qurish uchun, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer uchastkasi bo‘lmagan taqdirda, unumdorligi past sug‘oriladigan yer uchastkalarini tanlov va auksion o‘tkazmasdan, komissiyaning tavsiyasiga asosan ajratilishi qayd etilgan. Ya’ni, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bir vaqtning o‘zida kompensatsiya bilan birgalikda kafillik ham beriladi.
–Chorvachilikning eng asosiy tarmog‘i bo‘lgan qoramolchilikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, bu har bir tumanda ixtisoslashgan xo‘jaliklarni tashkil etishdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani bo‘limi katta inspektori Islom Bayniyozov. – Ularda chorva mollari naslini yaxshilash hisobiga mahsuldorligini oshirish, ozuqa bazasini yaratish, servis xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qayta ishlash va tizimli ravishda iste’mol uchun yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, joriy yilda To‘rtko‘l tumaniga chet davlatlardan jami 917 bosh naslli qoramol olib kelish rejalashtirilgan edi. Shundan tijorat banklari tomonidan 140 ming 800 yevro va 11 milliard 150 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilib, 8 ta chorva va dehqon fermer xo‘jaligi hamda boshqa turdagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 969 bosh naslli qoramol olib kelindi.
Bundan tashqari tumandagi “Qurolbek Omad” chorvachilikka ixtisoslashgan dehqon xo‘jaligiga 33 bosh, “Davronbek Akbar chorvasi” dehqon xo‘jaligiga 31 bosh “simmental” zotli qoramol, “Rayxon Bonu” fermer xo‘jaligiga 450 bosh naslli qo‘y olib kelindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi “Ullubog‘ chorva kompleksi” naslchilik fermer xo‘jaligiga, “To‘rtko‘lli Ahrorbek”, “Qurolbek Omad” fermer xo‘jaliklariga, “Davronbek Akbar chorvasi” dehqon fermer xo‘jaligi, “Xudaybergan Shodiya” hamda “To‘rtko‘l oziq-ovqat savdosi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga naslli chorva mollari olib kelish bo‘yicha subsidiya mablag‘i ajratildi.
Inspeksiyaning To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga naslchilikni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA