Cho‘lponota sammiti Markaziy Osiyoda nimani o‘zgartiradi?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ikki davlat munosabatida yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz. Bishkek sammiti yakuni nafaqat o‘zaro aloqa yuqori bosqichga ko‘taradi, balki butun Markaziy Osiyoda shakllanayotgan o‘zgacha siyosiy muhitni ham namoyon etadi. Anjumanning asosiy natijasi sifatida Ittifoqchilik munosabati to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi mavjud hamkorlikni tizimli, uzoq muddatli asosda rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Xalqaro amaliyotda ittifoqchilik davlatlararo munosabatning eng yuqori darajalaridan biri hisoblanadi. Bu maqom strategik sheriklikdan farqli o‘laroq, tashqi siyosiy qarashni muvofiqlashtirish, xavfsizlik sohasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish va yirik infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent qo‘shni davlatlar bilan munosabatni bosqichma-bosqich ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish orqali mintaqada ishonch va barqarorlik muhitini shakllantirishga intilmoqda.
Bu jarayon izchil tus oldi. E’tibor bering, Respublikamizning ittifoqchilik xaritasida ilgari faqat Rossiya (2005-yil) bor edi. Keyinchalik bu safga Qozog‘iston (2022-yil), Tojikiston (2024-yil) va Ozarbayjon (2024-yil) qo‘shildi. Shu ma’noda Qirg‘iziston bilan erishilgan kelishuv Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Buni rasmiy Toshkentning mintaqaviy manzarani ichkaridan mustahkamlashga qaratilgan strategiyasi sifatida baholash mumkin.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligining bugungi holati bir necha yil avvalgi vaziyatdan keskin farq qiladi. Avval chegara, anklavlar, suv resursi bilan bog‘liq masalalar o‘zaro munosabatga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan. Bugun esa ayni yo‘nalishlar sheriklikning asosiy ustuniga aylandi. Demak, siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch eng murakkab muammolarni ham hal qilishga qodir ekan.
Albatta, har qanday ittifoqchilik mustahkamligi iqtisodiy asosga bog‘liq. Oxirgi yillarda o‘zaro savdo miqdori izchil o‘sib, 2025-yil yakunida 1,2 milliard dollarga yetgani ijobiy o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Endi bu ko‘rsatkichni 3 milliard dollarga yetkazish maqsadiga erishish uchun sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamli iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yangi qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etiladi.
Transport sohasi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri. "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li nafaqat uch davlat, balki butun Markaziy Osiyo logistika xaritasini o‘zgartirish salohiyatiga ega. Uzunligi 532,53 km (312 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi), umumiy qiymati 4,7 milliard dollarni tashkil etuvchi ushbu yo‘lak mintaqaga yangi tranzit imkoniyatini ochib, Janubiy Kavkaz (Transkaspiy marshruti) va Janubiy Osiyo (Transafg‘on temir yo‘li) loyihalari bilan qo‘shilib, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi yuk tashish zanjirida Markaziy Osiyoning ahamiyatini yanada oshirishi aniq.
Suv-energetika sohasidagi hamkorlik ham alohida ahamiyat kasb etadi. Transchegaraviy resursdan oqilona foydalanish va Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha kelishuv mintaqa energetika xavfsizligini mustahkamlab, suvdan foydalanish bo‘yicha o‘zaro manfaatli yechim shakllantirishga xizmat qiladi.
Sirasini aytganda, oliy darajadagi muzokara yakuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash va mintaqada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim jihat. Cho‘lponota tadbirlari Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan sheriklikning mutlaq yangi bosqichi haqidagi xalqaro e’tirofni yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar endi raqobat emas, hamkorlik mantig‘i asosida qurilmoqda. Bu an’ana transport, energetika, savdo va xavfsizlik sohalariga umumiy yondashuv shakllantirishga zamin yaratmoqda. Global geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoitda aynan mintaqaviy hamjihatlik davlatlarimizning tashqi ta’sirga nisbatan barqarorligini oshirishi shubhasiz.
So‘nggi yillarda mintaqada kuzatilayotgan tendensiya tabiiy ravishda yana bir savolni yuzaga chiqaradi: Markaziy Osiyoda ittifoqchilik munosabatining keyingi bosqichi qanday kechadi? Hozircha ikki tomonlama kelishuvlar mustahkamlanmoqda. Ertaga umumiy manfaatga asoslangan, iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq va tashqi siyosatda bir-birini qo‘llab-quvvatlay oladigan ko‘p tomonlama muvofiqlashtirish mexanizmi shakllanishi ehtimoli yaqin.
Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch mustahkamlanib, iqtisodiy bog‘liqlik va infratuzilma uyg‘unlashuvi shu sur’atda davom etsa, bugungi ikki tomonlama ittifoqchilik shartnomalari kelajakda mintaqaning yangi institutsional qiyofasini shakllantirishi mumkin. Bishkek sammiti ayni jarayonning navbatdagi bosqichi sifatida tarixga kirsa, ajab emas.
Muxtor Nazirov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori