Cho‘lni bo‘stonga aylantirgan suvchilar
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon atrofi tumanlari hududi viloyat miqyosida suv taqchil ekin yerlari sirasiga kiradi. Shunday bo‘lsada, ekinlar o‘z vaqtida sug‘orilmoqda. Havo harorati 40-43 darajadan oshayotgan kunlarda bunga erishish nihoyatda qiyin. Axir bu xududlar 92-95 foiz suvni chetdan oladi, chunki tog‘lar juda kam, borining ham qori tez erib ketadi. Har qatra suvni isrof bo‘lmasligini ta’minlashda esa suvchilar tinim bilmaydi.
Suvchilar deganimizda viloyat suv tarmog‘i bo‘lgan Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufiga kiruvchi barcha tizim irrigatorlari, melioratorlari, suv iste’molchilari uyushmasi miroblari va boshqa ko‘plab boshqarma, bo‘lim va bo‘linmalarning jamoalari tushuniladi. Ularda bugun aslo tinim yo‘q, suv yoqalab yurgan suv xodimlarining mashaqqatli mehnatini uncha-buncha odam qilolmaydi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Viloyatning O‘zbekiston, Furqat, Dang‘ara tumanlariga qarashli bir qism yerlar Qolgandaryo cho‘llari hududida joylashgan. Bu cho‘llar o‘zlashtirilayotganda shu tumanlarning yerga tashna dehqonlari Sirdaryoning tepa sohilidagi qaqrab yotgan yerlarni serhosil dalalarga, gullagan bog‘u bo‘stonga aylantirish uchun g‘ayrat qilib, o‘z maqsadlariga erishdi. 1965 yilda Sirdaryodan suv olib tepalikka tashlovchi “Abdusamat” (“Furqat-1”) nasos stansiyasi qurildi. Qaqroq yerlarning bag‘ri yashnadi, odamlar suv chiqarilgani uchun o‘z joylaridan shu cho‘llar yaqiniga ko‘chib kela boshladilar.
Oradan necha yillar o‘tgan bo‘lsa, shu yillar ichida Qolgandaryo cho‘llarini obod qilganlar ham kamolga yetdi. Yerlardan olinadigan hosildorlik ham bir necha baravarga oshdi. Yerga yer, elga el qo‘shildi. Yangi mahallalar barpo bo‘ldi, imoratlar qurildi. Hozir kim bilan gaplashmang, avvalo cho‘lga suv chiqarganlarga, zahmatkash miroblarga rahmat deydi.
Furqat tumani markazi Navbahor shaharchasiga uch chaqirimcha yetmasdan o‘ng tomonga burilib, yigirma kilometrlik yo‘ldan yurib “Furqat – 1”, (avvalgi “Abdusamad”) nasos stansiyasiga yetib borguncha atrofdagi dehqonchilik madaniyatiga amal qilish natijasida vujudga keltirilgan go‘zal manzarani ko‘rib havasingiz keladi. Bu yerni ko‘rganlar sira cho‘l demasa kerak, yo‘llar ravon, dala qirg‘oqlarida tut va boshqa daraxtlar o‘sib turibdi. Hatto kollektor yoqalarini ham bo‘sh qoldirmaslik choralari ko‘rilgan. O‘tgan yili ham Qolgandaryo cho‘llarida dehqonchilik qilgan fermerlar kollektor, yo‘l, ariq va zovur yoqalariga oshqovoq, makkajo‘xori ekib, undan yaxshigina daromad ham ko‘rishgan.
[gallery-3042]
– “Furqat-1” nasos stansiyasi 2013-2016 yillarda qayta rekonstruksiya qilingan edi, - deydi Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining Furqat tumani bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Qodirov. – Kuchli quvvatga ega bo‘lgan nasoslar Yaponiyaning “Kubota” firmasidan, dvigatellari Janubiy Koreyadan olib kelingan. 13 ming gektar yerni sug‘oradi, umumiy suv ko‘tarib berish qobiliyati 20 metrni tashkil qiladi. Manbai Sirdaryo suvi hisoblanadi. Hozirgi kunda daryoda suv kamaygani sababli har biri sekundiga 4 kub metr suv chiqaradigan beshta katta dvigatelning ikkitasi ishlatilmoqda.
Dvigatellar bo‘limida yapon dvigatellari bir maromda ishlaydi. Shu yerning o‘zidayoq bir necha metr balandlikka suv chiqarilib, beton kanaliga to‘kilmoqda.
– Stansiyamiz uch tumanning Qolgandaryo massivi unga tutashgan 13 ming gektar yerdagi ekinzorlarni suv bilan ta’minlaydi, - dedi “Furqat 1” nasos stansiyasi boshlig‘i Muzaffar Abdug‘aniyev. – Hozir esa 11 ming 800 gektar yerga suv beryapmiz. 3000 aholi tomorqalari ham bizning nasoslarimiz suvidan to‘yinadi. bugungi vegetatsiya davrida Dang‘ara tumani 1300 gektar, O‘zbekiston tumani 5 ming gektar, Furqat tumani 5,5 ming gektar yerga suv olayotir. Bundan tashqari Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligining Abdusamad bo‘limi va 10 ta baliqchilik xo‘jaligi ham nasoslar suvidan foydalanmoqda. Suv ta’minotida uzilishlarning oldini olish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bizning asosiy maqsadimiz.
Muqimjon QODIROV ( surat), O‘zA