Cho‘l hududlarida chorva ozuqasiga zamin tayyorlanmoqda
O‘zbekistonda 21 million gektardan ortiq yaylovning katta qismidan samarasiz foydalanilmoqda. Bu holat oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solarkan, Qashqadaryoda zamonaviy yechimlar ishga solinmoqda.
O‘zbekistonda 21 million 255 ming gektar yaylov mavjud bo‘lsa-da, uning atigi 40 foizidan samarali foydalanilmoqda. Prezident ushbu katta imkoniyatni to‘liq ishga solish yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda favqulodda muhim ekanini ta’kidlagan edi. Hokimlar oldiga yil yakunigacha 620 ming gektar, kelgusi yilda esa 3 million 700 ming gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorligini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Qashqadaryoning cho‘l hududlarida chorva ozuqasi zamonaviy texnologiyalar yordamida yetishtirilmoqda. Jumladan, Nishon tumanidagi 30 gektar cho‘l maydoniga qurg‘oqchilikka chidamli, ozuqabop rijik va valda urug‘lari dron yordamida sepildi. Bu tajriba “O‘zagrostar” xolding tarkibidagi “Qashqadaryo – Agrostar” korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. U Prezidentning yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv ta’minotini yaxshilash va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi hisoblanadi. Asosiy maqsad — suv taqchilligi sharoitida chorva uchun ozuqa yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish.

Nishon tumanida 570 gektar cho‘l hududi o‘zlashtirilib, Avstriyaning “Bauyer” kompaniyasi ishlab chiqargan 10 ta zamonaviy pivot sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Shu yerga Turkiyaning “Sunter”, Italiyaning Yemilliano va GEA, shuningdek, O‘zbekistonning “Dimitra”, “Aridnaya” va Toshkent-1 navli beda, “Kumushsimon prak”, “Do‘stlik”, “Sardor” va “Zarbdor” navli tritikale o‘simligi hamda “Sulton” navli arpa ekildi.
Muborak tumanida ham ozuqabop ekinlar yetishtirish ishlari faol davom ettirilmoqda. 30 gektarga Toshkent-1 navli beda, 31 gektarga “Kumushsimon prak” navli tritikale, 12 gektarga esa Turkiyaning “Nexera” va “Electus” navli makkajo‘xorisi takroriy ekin sifatida ekildi.

Umuman olganda, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida jami 1 ming 332 gektar yaylovda pivot sug‘orish tizimi joriy etilib, mahalliy sharoitga mos yangi ozuqabop o‘simliklar ekish mo‘ljallanmoqda. Bu tajribani Muborak va Dehqonobod tumanlarida ham joriy etish, shuningdek, bir yil ichida jami 9.4 ming gektar urug‘chilik maydonini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bu tajriba suv taqchilligi sharoitida chorva uchun ozuqa bazasini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish va uni boshqa hududlarga kengaytirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA