Chirchiqda quyosh panellari o‘rnatilmoqda
Energetika vaziri o‘rinbosari Akmal Jumanazarov, Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov Xitoy Xalq Respublikasining “EGING PV Technology Co LTD” vakillari bilan uchrashdi.
Asosiy e’tibor hududda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish va energiya manbalarini rivojlantirish masalalariga qaratildi. Tomonlar mazkur loyiha bo‘yicha memorandum imzolash borasida kelishib oldi. Shuningdek, bu sa’y-harakatlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri 120 million dollar investitsiya kiritilib, Chirchiq shahriga 100 megavatt quyosh panellari o‘rnatilishi belgilandi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan Chirchiq shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha jami 482 ob’ektlarda quvvati 5,8 megavatt ega quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda 491 ob’ekt 5,46 megavatt (rejaga nisbatan 94,1 foiz) quvvatli elektr ta’minotiga ega bo‘ldi. Bu boradagi ishlar hali tizimli ravishda davom etadi.
A.Musayev, O‘zA