Chiqindilar poligonida yashil belbog‘ yaratilmoqda
Yurtimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar qizg‘in amalga oshirilmoqda. Tashkil etilayotgan yashil hududlar kelgusida respublikamiz yashillik darajasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu yil 29-mart kuni yurtboshimiz raisligida «Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va ularning atrofiga daraxtlar ekib, yashil belbog‘lar barpo qilish vazifalari belgilab berilgan edi.

Shu munosabat bilan Toshkent viloyati Ohangaron tumani chiqindilar poligonida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda “Maxsustrans” DUK hamkorligida «Yashil makon» loyihasi doirasida daraxt ekish aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Maxsustrans” DUK rahbariyati, Ekopartiya vakillari, yoshlar va ayollar qanoti yetakchilari, chiqindi poligoni xodimlari faol ishtirok etdi.

Aksiya davomida 800 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tashkil qilingan yashil belbog‘ atmosferaga tashlanayotgan zararli tashlamalarni kamaytirish, ekologik holatni yaxshilashga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA