Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 6 avgustda e’lon qilingan)
Ch.Aytmatov: – O‘limdan qo‘rqib jim turishga, o‘z fikr va tuyg‘ularini yashirishga majbur bo‘lgan odam, mohiyatan ahloqi mayib kimsaga aylanadi. Bu yerda totalitarizmning yana bir belgisiga e’tibor berish kerak. Adashmayotgan bo‘lsam, Chan Kayshining o‘g‘li xitoy xalqiga yozgan xatida shunday degandi: “Siz hatto jim turish ham ta’qiqlangan mamlakatda yashayapsiz”. Qanchalar tanish manzara! U nimani nazarda tutgani aniq: “buyuk yo‘lboshchi”ni sharaflash qat’iy burch edi, shuning uchun jo‘rovoz shodiyonalar va gulduros qarsak paytida jim turgan kishi, aniq qarshilik ko‘rsatishda shubha ostiga olinar, va o‘z-o‘zidan, diktatorlik rejimining barcha qat’iy talablari asosida jazolanardi. Yo sherik bo‘lasan, yo...Biroq biz Mao Szedunning “ustozlari” edik. U hech qanday yangilik ixtiro qilgani yo‘q.Har holda, u yerda novatorning ismini aytish mumkin emasdi. Ehtimol, qadimdan shunday bo‘lgandir. Ehtimol, haqiqatparvarning tili sug‘urilib yoki og‘zi tikilgan uzoq tarix kovlashga, uning qonli suvratlari jon kiritishga arzimas. Ushbu voqea taxminan yuz yilcha ilgari Kavkazda qo‘shiqchi Anxil Marinning boshidan o‘tgan. Bizning asrimizga kelib davolash tadbirlari osonlashtirildi: shoirlar, shunchaki qirib tashlandi. Va shoir emaslar ham.Erkin so‘zning qiymati – hayot. Shunday bo‘lgan. Shunday bo‘layapti. Inson tabiatan haqiqatga chanqoq. Va albatta, “qahramonlik” uchun emas, garchi biz to‘g‘ri so‘zni jasorat deb qabul qilsak-da. U o‘zgacha yashay olmaydi. “Jim tura olmayman”, deydi Tolstoychasiga.Hozir biz hayotimizni o‘zgartirishga urinayapmiz, hissiz gunglikdan, xalqning bo‘yniga yuqori sifatli deb yuklangan va natijada uni qul qilib yiqitgan “jo‘n haqiqatlar zulmati”dan chiqishga urinayapmiz. Ammo hamma narsaning chek-chegarasi bor-ku. Faraz qilaman, deylik, biz bu yerda faqat aniq ijtimoiy sabablar bilan shug‘ullanmayapmiz. Inson tabiati – uning o‘z-o‘zini hurmat qilmasdan amalga oshmaydigan erkinlikka bo‘lgan azaliy va qonuniy ishtiyoqi isyon ko‘tardi. Inson tilida gapirish ehtiyoji – ma’naviy tiklanishning teran mazmun-mohiyati shunda emasmi? Hech ajablanarli joyi yo‘q, hammamiz endi gapirishni deyarli yangitdan o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi. Ko‘ngilni ko‘ngilga qo‘yib, so‘zlarni qabih safsata va yolg‘onlardan tozalab, bir-birimizni tinglab, tushunib. Agar biz haqiqatdan yashay boshlashni istasak.Odamlar hatto umumdavlat masalalarini hal etish uchun parlamentga yig‘ilganida ham anglamaslik, garanglik holatlari uchrashi achinarli, pastroq, bo‘g‘iqroq tovushda, biroz tutilib gapirayotgan, tez orada (afsuski, tasodifiy o‘limidan keyin) xalq o‘zining vijdoni deb ataydigan odamni eshitmaydilar – eshitishga noqobil, eshitishni uddalay olmaydi yoki istamaydi. Men Andrey Dmitriyevich Saxarov haqida gapirayapman.Men uchun bu – insonga, haq so‘zga bo‘lgan nafratning hayratlanarli darajada aniq namunasi edi, ma’lum bo‘lishicha, uzoq yillar davomida yolg‘on bilan yashashga odatlangan odamlar tomonidan haq so‘zning tan olinishi va qabul qilinishi aslo oson bo‘lmas ekan. Bundan hayratda qoldim. Albatta, bu odamlarni nimada ayblashni Xudo biladi: ham o‘taketgan tajovuzkorlik, ham yovvoyilarcha nodonlik, ham parlamentning axloq kodeksiga hech mos kelmaydigan shunchaki qo‘pollik. Ammo menga anglash muhim: nima uchun va qayerdan bu betoqatlik? Ehtimol, buning anglash qiyin bo‘lgan asosiy sababi, bunday tur odamlarning rad etilishi, ularning fe’l-atvori, qiyofasi – notiq emasligida, u o‘z teran fikrlarini aktyorlarcha ishorasiz, otashin pafossiz, va shu bilan bir vaqtda qalbimizning eng chuqur qa’riga nazar tashlashga da’vatlarsiz bayon qiladi. Va qarab turib dahshat bilan ko‘radiki, biz ham begunoh emasmiz. Biz so‘zsiz rozilik bermay, yo‘qsa, qo‘llab-quvvatlamay turib ham haligacha mos ta’rifi topilmagan dahshat ro‘y berdi. Va shunga qaramay, o‘ylaymanki, hammasiga sababchi – uzoq yillik totalitar rejim.
Ikeda: – “Totalitar tizim”ga, Gabriel Marselni urushning bosh sababchisi sifatida fosh etishdan charchamagan “mavhumlik ruhi” ta’sir ko‘rsatadi. Urush boshlanishi bilan qo‘shni (siz totalitar jamiyatda bo‘lsangiz ham, faqat murosa qilishga moyil edingiz) bir lahzada mavhumlik ob’ektiga aylanganiday. Menda bu mohiyat (qo‘shnilar)ni yo‘q qilish zaruriyati paydo bo‘lishi bilan, men alohida mavjud shaxs sifatida aslo shak-shubhasiz bu mohiyat (halok qilishim mumkin bo‘lgan)ni anglashdan mahrum bo‘laman. Va bu shaxsiy mavjudlikni o‘tkinchi bir narsaga aylantirish uchun, uni qandaydir mavhum tushunchaga o‘girishim: yoki uni “fashist” deb tanishtirishim shart”, – deb yozadi Marsel.Va mutaassib odam bunday mavhum tushunchalarga qanchalik ko‘p asir tushsa, u mavhum shiorlarni, ovozini shunchalik balandlatib e’lon qiladi, yo samimiy so‘zlar bilan sizga bo‘lgan nafratini oshkor aytadi, yo garangligi tufayli e’tibor bermaydi. His etish qobiliyati to‘la ishdan chiqqan bunday jamiyatda (Oruell chiroyli qilib ko‘rsatib berganiday) rasmiy qarorlar va axta qilingan shiorlarni eslatuvchi iboralar yetarli. Insonning insonligini isbotlovchi yagona dalil bo‘lmish har turli suhbat yoki muloqotga intilish yo‘q. Marsel, nafaqat kommunizm yoki fashizm, balki butun boshli zamonaviy sivilizatsiyani “mavhumlik ruhi” qattiq zaharlaganidan juda bezovta bo‘ladi. Bu hodisani tinimsiz qoralash falsafaning eng muhim vazifasi, deb hisoblaydi u.
Ch.Aytmatov: – Ajoyib jarrohimiz Svyatoslav Fedorov aytishicha, bemorga jarrohlik operatsiyasidan keyin ko‘zidagi bog‘ichni birdaniga yechish mumkin emaskan: kunning yog‘dusi ko‘zini ko‘r qilib qo‘yarkan. Inson dunyo va o‘zi haqidagi haqiqatni da’fatan bilib qolsa, shunga o‘xshash nimadir sodir bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi