Chinakam islohotlar yurt farovonligi demakdir
Mustaqillik yillariga turli xil rakurslardan nazar tashlasak, o‘tgan yillarning o‘z muammosi va yutuqlari nomayon bo‘ladi. O‘tgan va o‘tayotgan kunlarimiz gohida yutuq, gohida muammolari bilan esda qoladi.
Jamiyatning barcha jabhalaridagi kamchilik va xatolarimizga nazar tashlab gohida xulosa chiqarsak, gohida uzoq yillik istiqbolli rejalarimizga zamin hozirlaymiz.
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan istiqbolli islohotlarning tag zamirida, nazarimda ana shunday xulosalar mujassam. Ya’niki, kechagi kunning xatolaridan oqilona xulosa chiqarilib, o‘z vaqtida zamirida inson taqdiri turgan odilona qarorlar qabul qilinayapti. Davlat idoralari insonning qadrini ko‘tarish, ijtimoiy adolat va aholini rozi qilish tamoyili asosida ish yuritishga o‘tganligi muhtaram yurtboshimiz boshlab bergan islohotlarning dastlabki bosqichidir.
Deylik, veterinariya va chorvachilik sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub negizida aholini sifatli va arzon go‘sht-sut mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashdek ulug‘ maqsadlar yotibdi.
Birgina misol, davlatimiz rahbarining sohaga e’tibori tufayli joriy yilning shu kuniga qadar qoramolchilik yo‘nalishidagi yirik loyihalar ishga tushirilib, quvvati 100 boshdan 300 boshgacha bo‘lgan xo‘jaliklar 1 ming 124 tani, 300-500 bosh bo‘lgan xo‘jaliklar 460 tani, 500 boshdan 1000 boshгача bo‘lgan xo‘jaliklar soni 256 tani, 1000 bosh va undan yuqori bo‘lgan xo‘jaliklar soni 136 tani tashkil etdi.
Respublikamizda ayni paytda jami 17 ming 66 ta chorvachilik xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, shundan qoramolchilik yo‘nalishida 7 ming 48 ta, qo‘y va echkichilikda 3 ming 263 ta, yilqichilik 142 ta, tuyachilik 52 ta, parrandachilik 1 ming 163 ta, baliqchilik 4 ming 829 ta, asalarichilik 415 ta va quyonchilik yo‘nalishlarida 154 tani tashkil etadi.
Joriy yilning shu paytiga qadar chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 278 ta chorvachilik subektiga 34 mlrd 143 mln so‘m subsidiya ajratildi.
Shundan import qilingan naslli qoramollar uchun 209 ta chorvachilik subektiga 9956 bosh mol uchun 19 mlrd 912 mln so‘m, import qilingan naslli qo‘y-echkilar uchun 21 ta fermer xo‘jaligiga 8191 bosh mayda mol uchun 3 mlrd 291 mln so‘m subsidiya berildi.
Import qilingan bir kunlik jo‘jalar uchun 15 ta xo‘jalikka 699414 bosh parranda uchun 6 mlrd 294 mln 726 ming so‘m ajratildi.
O‘zimizda yetishtirilgan naslli qoramollar uchun 14 ta xo‘jalikka 966 bosh qoramol uchun 966 mln so‘m, baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan intensiv usulda yetishtirilgan baliqlar uchun 19 ta xo‘jalikka 3678 tonna baliq uchun 3 mlrd 378 mln 628 ming so‘m subsidiya berildi.
Nafaqat yurtimiz, balki dunyoning barcha davlatlari uchun jiddiy sinov pallasi hisoblangan koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimizda chorvachilik mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelmaganligini, chorva mahsulotlari narxi barqarorligini veterinariya va chorvachilik sohasida davlatimiz rahbari boshlab bergan islohotlarning dastlabki samarasi desak xato aytmagan bo‘lamiz.
Albatta, hali oldinda amalga oshiradigan ishlarimiz bisyor. Ayni paytda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari sohaga doir uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli strategiya ishlab chiqmoqda. Yurtimizni dunyoning chorvachilik sohasi rivojlangan davlatlar safiga olib chiqish borasidagi rejalar xususida izlanishlar olib borayapti.
Yaqin kelajakda ana shunday istiqbolli rejalarimizni amaliyotga tatbiq eta boshlasak, davlatimiz rahbari boshlab bergan keng ko‘lamli islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Bahrom NORQOBILOV,
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat
qo‘mitasi raisi