Chimboylik yoshlar ta’lim va sportda yuksak natijalarga erishmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani ixtisoslashtirilgan maktabida o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, ularning intellektual salohiyati va iqtidorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda maktabda 401 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Ta’lim maskanida o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun kimyo, biologiya va fizika laboratoriyalari, zamonaviy o‘quv xonalari, sport hamda majlislar zallari mavjud.
Maktab o‘quvchilari ta’lim sohasida ham salmoqli natijalarga erishmoqda. Joriy yilda ular 460 ta milliy va 33 ta xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. Jumladan, SAT imtihoni bo‘yicha 10 ta, IELTS bo‘yicha 23 ta sertifikat natijasi qayd etildi.
2025/2026 o‘quv yilgi bitiruvchilarning barchasi — 52 nafar o‘quvchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Ularning 35 nafari davlat granti, 17 nafari to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘ldi. Shuningdek, 14 nafar bitiruvchi 189 ball to‘plab, muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi.
Maktab bitiruvchilari orasida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar ham bor. Ular Vengriyaning Debretsen universiteti, Qozog‘istonning Al-Farobiy nomidagi universiteti hamda Turkiyaning Izmir va Istanbul shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalarida bilim olmoqda.
O‘quvchilar sportda ham o‘z iqtidorini namoyon etmoqda. Sh. Yerejepboyeva Dubay shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida parasuzish bo‘yicha to‘rtta kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Parij shahridagi parasuzish bo‘yicha xalqaro chempionatda birinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-31940]
Maktabda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida fan, sport, shaxmat, futbol, robototexnika, media va jurnalistika to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu mashg‘ulotlar yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, qiziqishlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Erishilayotgan natijalar malakali pedagoglar mehnati, yaratilgan sharoitlar va o‘quvchilarning izlanishlari samarasidir.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA