Chigit ekishga kirishildi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida 2026-yil hosili uchun chigit ekish ishlarini tizimli va samarali tashkil etishga qaratilgan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. “Boyovut” SIU hududidagi “Boyovut alangasi” fermer xo‘jaligining 15 gektar dala maydonida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev, tuman prokurori Dilshod Sangirov hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda tumanda 8 ming gektardan ortiq maydonda qariyb 35 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish va ularni ortig‘i bilan bajarish maqsadida maydonlarga hosildorligi yuqori bo‘lgan xorijiy paxta navlarini ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chigit ekish mavsumini qisqa muddatlarda, sifatli va uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 37 ta yer tayyorlash va ekish otryadlari shakllantirildi. Ushbu otryadlarga hudud rahbarlari rahbarlik qiladi, Bu otryadlar tarkibiga yer tuzuvchi muhandislar, agroinspeksiya xodimlari, urug‘lik chigit yetkazib beruvchi va mineral o‘g‘it tarqatuvchi tashkilotlar vakillari kiritilgan. Bu barcha jarayonlarni muvofiqlashtirish va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Seminar davomida dala ishlarini ilg‘or agrotexnik talablar asosida tashkil etish masalalari amaliy jihatdan namoyish etildi. Xususan, yerni ekishga tayyorlash, pushta olish, namlikni saqlab qolgan holda zamonaviy Xitoy qishloq xo‘jaligi texnikasi yordamida chigit ekish usullari ko‘rsatildi. Shuningdek, yog‘ingarchilikdan keyin maydonlarda hosil bo‘lgan tabiiy namlikdan oqilona foydalanish orqali urug‘ning unib chiqish darajasini oshirish borasida aniq tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlarimizga xos tarzda yurtimiz tinchligi, baraka va mo‘l hosil uchun duolar qilindi. Bu dehqonchilik an’analarida ma’naviy omillar ham muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Mutaxassislar tomonidan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, mineral o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanish, suv resurslarini tejamkorlik bilan sarflash kabi masalalar yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tavsiyalarga qat’iy rioya qilish hosildorlikni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

– Bugungi ko‘rgazmali seminar fermerlar uchun juda foydali va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Chigit ekish jarayonini ilg‘or agrotexnik talablar asosida tashkil etish, yerni to‘g‘ri tayyorlash va namlikni saqlash bo‘yicha berilgan tavsiyalar hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, zamonaviy texnikadan samarali foydalanish va ishlarni qisqa muddatlarda sifatli bajarish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar biz uchun katta tajriba bo‘ldi, – deydi “Jasur Sardor fayzi” fermer xo‘jaligi rahbari Sardor Shuhratov. Shuningdek, fermer xo‘jalik tasarrufida 150 gektar yer maydoni borligini, unda paxta va g‘alla yetishtirilishini ta’kidladi. Olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar va mutaxassislar maslahatlari natijasida so‘nggi uch yil davomida 865 tonna paxta va 833 tonnaga yaqin g‘alla hosili yetishtirilgan, paxta hosildorligi gektariga 45–50 sentnerga, g‘alla hosildorligi esa gektariga 75–80 sentnerga yetkazilgan.
– Bu yilgi mavsumdan umidimiz katta. Nasib qilsa, oldimizga qo‘ygan rejalarni nafaqat paxta, balki g‘alla bo‘yicha ham ortig‘i bilan bajaramiz, – dedi fermer.
Ko‘rgazmali seminar yakunida paxta ekish ishlarini barcha hududlarda namunali tashkil etish, har bir gektar yerdan yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA