“Chevron” Qora dengizdagi tankerlarga hujum bo‘yicha Tramp ma’muriyatiga murojaat qildi
“Chevron” kompaniyasi bosh direktori Maykl Virt Ukrainaning Qora dengizdagi tankerlarga hujumidan so‘ng Tramp ma’muriyati bilan muzokara olib bordi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar tarqatdi. Voqeaga “Chevron” tomonidan ijaraga olingan tanker yaqinda sodir bo‘lgan hujum tufayli shikastlangani turtki bergani aytilmoqda.
Rossiya porti neft eksportining asosiy markazi va qisman “Chevron”ga tegishli bo‘lgan, dunyo miqyosida kunlik neft ta’minoti 2 foizini tashiydigan quvur liniyasi oxirgi nuqtasi hisoblanadi. O‘sha hodisadan keyin ushbu quvur tizimiga xom neft yuklash kamaydi. Xususan, Qozog‘iston neftni saqlash hajmi cheklanishi ortidan qazib olishni kamaytirishga majbur bo‘ldi.
Manbalarga ko‘ra, neft sanoati vakillari bilan maslahatlashuvdan so‘ng Tramp ma’muriyati Ukrainani Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga hujum qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirgan.
– Tramp ma’muriyati Kaspiy quvur tizimi konsorsiumi (KQK) Qozog‘iston energiyasini Yevropa bozoriga yetkazib berish uchun muhim yo‘l sifatida ko‘radi, – degan rasmiy, – Bu RF energiyasiga muqobil quvvat bo‘lib xizmat qiladi.

“Chevron” KQK tuzilmasining 15 foiz ulushiga ega, Tengiz koni kompaniyaning global ishlab chiqarishdagi taxminan 12 foizni tashkil etadi. Tahlilchilar fikricha, agar hujum davom etsa, “Chevron” shu konda ishlab chiqarishni kamaytirishga majbur bo‘ladi.
Qozog‘istonda 1993-yil faoliyat boshlagan “Chevron” ayni payt Qozog‘iston hukumati bilan loyihani 2033-yildan keyin ham davom ettirishga imkon beradigan shartnoma tuzishni ko‘zlayapti. KQK esa kuniga taxminan 1,4 million barrel neft tashiydi, xom ashyoning salmoqli qismi Yevropa, xususan Ispaniya bozoriga yo‘naltirilgan.
Hisob-kitobga ko‘ra, 2026-yil “Chevron” bir barrel uchun 70 dollarlik narx saqlanib qolsa, Tengiz konidan 6 milliard dollar daromad ko‘rishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA