Chet tillar ta’limi takomillashmoqda
Mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalash jarayonida ertamiz egalarining bolaligidan xorijiy tillarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalash jarayonida ertamiz egalarining bolaligidan xorijiy tillarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq maktablarda o‘quvchilar 1-sinfdan chet tilini o‘rganmoqda. Teleradiokanallar orqali ingliz tilida turli ilmiy-ommabop va ma’rifiy dasturlar, badiiy va multiplikatsion filmlar, yangiliklar muntazam namoyish etilayotgani ham til o‘rganuvchilar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Qarorda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga chet tillar ta’limini muvofiqlashtirish va yanada rivojlantirish vazifasi yuklangan. Hozirgi kunda ushbu ta’lim dargohida chet tillarini o‘rganish va o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy matbuot markazida mazkur universitet tomonidan tashkil etilgan anjumanda shular haqida so‘z bordi.
Universitet rektori Sh.Qayumov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning jahon andozalari darajasida bilim olishi, qiziqqan sohalari bo‘yicha kasb-hunar egallashi, ijodiy-intellektual salohiyatini namoyon etishi, chet tillarini puxta o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilgani mamlakatimizda chet tillarini o‘rganishni yanada rivojlantirish, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalari uchun chet tillaridan yuqori malakali o‘qituvchilarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda universitetda xorijiy tillar bo‘yicha darslik va o‘quv-uslubiy majmualarni modernizatsiyalashga yo‘naltirilgan PRESETT dasturi asosida integrallashtirilgan o‘quv reja va dasturlar joriy etilgan. Chet tillarni egallashning umumevropa kompetensiyalari (CEFR) normalariga va boshqa xalqaro standartlarga mos o‘quv adabiyotlari va darsliklar yaratildi.
Chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy tizimini yaratish, sohada malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha “O‘qituvchi-murabbiylarni tayyorlash maxsus kursi” tashkil qilingan.
Xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Britaniya Kengashi tomonidan ishchi guruhi tashkil qilinib, mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarining ingliz tili o‘qituvchilaridan 378 nafari saralab olindi. Ularni Buyuk Britaniyaning nufuzli ta’lim muassasalari – London Metropoliten, Vestminster universitetlari va Norvich til ta’limoti institutiga malaka oshirish kurslariga yuborish rejalashtirilgan.
– Mamlakatimiz ta’lim tizimida chet tillarini o‘qitish tizimi muntazam takomillashib borayotir, – deydi universitet professori Mirabbos Irisqulov. – O‘quv dargohimizda 6150 talaba ingliz, nemis, fransuz va boshqa o‘nlab chet tillarini puxta o‘rganmoqda. Prezidentimiz qarori asosida muassasamizda ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirishga, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishga e’tibor berilmoqda. Britaniya kengashi mutaxassislari bilan hamkorlikda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashning yangi dasturini ishlab chiqdik va faoliyatimizga keng tatbiq etdik. Universitetimiz qoshida Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi, ko‘plab til o‘qitish markazlari faoliyat olib bormoqda.
Qaror asosida universitet huzurida "O‘zbekistonda xorijiy tillar" elektron jurnali va www.fledu.uz internet portali faoliyat yuritmoqda.
Tadbirda yangi o‘quv yilida mazkur ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.