Chempionlar kamol topayotgan maskan (+video)
Joriy yilgi sport mavsumi ulkan g‘alabalarga boy bo‘ldi. Yil davomida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda sportchilarimizning shohsupaga ko‘tarilgani, yurt sharafini yanada yuksaltirgani xalqimiz qalbiga quvonch bag‘ishladi.
2024 yil Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari uchun ham salmoqli bo‘ldi. Markaz sportchilari joriy yilda mamlakat birinchiliklarida 313 ta oltin, 177 ta kumush, 196 ta bronza medallariga ega chiqqan bo‘lsa, Osiyo chempionati va kuboklarida 11 ta oltin, 9 ta kumush, 12 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. Jahon chempionati va kuboklarida esa 6 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallari jamg‘arildi. “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida markazning 16 nafar tarbiyalanuvchisi ishtirok etib, ulardan 4 nafari shohsupaga ko‘tarildi. Paralimpiya o‘yinlarida esa maskanning 8 nafar sportchisi qatnashib, ulardan 3 nafari g‘olib hamda sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi. Ahamiyatlisi, ushbu o‘yinlarga litsenziyani qo‘lga kiritgan sportchilardan 3 nafari markazning amaldagi o‘quvchilari bo‘lib, para dzyudochimiz Kumushxon Xo‘jayeva kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Hozirda markazda 20 ta olimpiya, 2 ta milliy, 1 ta noolimpiya hamda 5 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha 646 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ulardan 249 nafari katta va o‘smirlar sport razryadlariga ega, 290 nafari sport ustaligiga nomzod, 78 nafari sport ustasi va 13 nafari xalqaro toifadagi sport ustalari hisoblanadi. Tarbiyalanuvchilarning 312 nafari ya’ni 49 foizi milliy terma jamoa a’zolaridir.
Sportchining har bir yutug‘i zamirida unga yaratib berilgan keng sharoitlar yotishi sir emas, albatta. O‘quvchi-sportchilarning nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun maskanda bir qator sport inshootlari bunyod etildi va qayta ta’mirlandi.
Jumladan, sport kurashlari zali yangidan barpo qilindi va sportchilar ixtiyoriga topshirildi. Shuningdek, milliy kurash zali qayta ta’mirlanib zamonaviy ko‘rinish oldi. Hududda yangi “workout” maydonchalari qurildi. 2024 yilda tashabbusli byudjet loyihasida ikki bor ishtirok etib, ikkalasida ham g‘oliblik qo‘lga kiritildi. Natijada jami 2 mlrd. 600. mln. so‘m mablag‘ ta’lim maskanining yanada zamonaviy ko‘rinish olishiga yo‘naltirildi. Xususan, markaz maktabi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Har bir sinfxonaga kreativ yondashildi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Shuningdek, yana ikkita yangi stadion va “workout” maydonchalari loyihalashtirildi.
Yakuniga yetib borayotgan yilda markaz Xitoyning Chejeng sport kolleji, Turkiyaning Seljuk xalqaro universiteti, Ozarbayjon sport maktablari, Qirg‘izistonning Respublika sport kolleji bilan xalqaro kelishuvlarga erishdi.
Quvonarlisi, yil davomida bir qator xalqaro mehmonlar markaz tajribasini o‘rganish uchun poytaxtimizga keldi. Barcha sport turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi. Tarbiyalanuvchilar imzolangan memorandumlar natijasida nafaqat mahalliy, balki xalqaro yig‘inlarda ham ishtirok etdi. Markazda o‘quvchilarning bilimi, ma’naviyatini yanada yuksaltirish uchun ham qator loyihalar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan yilda markazning «Bilim ring» loyihasiga start berildi va u sport jamoatchiligi tomonidan ijobiy baholandi. Bundan tashqari «Yosh kitobxon» aksiyasi o‘tkazildi. Xodimlar va o‘quvchi-sportchilar muntazam e’tibor markazida bo‘ldi.
Umid qilamizki, 2025 yilgi sport mavsumi ham Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari uchun muvaffaqiyatli bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/d_gn4k4gC5w" title="Chempionlar kamol topayotgan maskan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA