Chegaradan integratsiyaga: O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari rivojlanishi
1991-yil mustaqillikka erishgan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar 2016-yilgacha “muammoli qo‘shnichilikdan barqaror hamkorlikka o‘tish” bosqichi sifatida shakllandi. Chegara masalalari hal qilinishi, sheriklikning huquqiy asosi yaratilishi zamonaviy integratsiya jarayoni uchun zarur, ammo to‘laqonli xususiyat kasb etmagan shart sifatida namoyon bo‘ldi. Faqat keyingi bosqichdagina mavjud poydevor ustida sifat jihatidan yangicha munosabatlar o‘rnatila boshlandi.
Yaqinlashuvdan strategik sheriklikka – 2017-2021-yillar

2017-yildan boshlab ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yildi. Davlat tashriflari, hukumatlararo uchrashuvlar va mintaqaviy forumlar muntazamlik kasb etdi. Eng muhimi, jarayon odatiy quruq bayonotlar bilan cheklanib qolmasdan, aniq natijaga yo‘naltirildi. Xususan, savdo, investitsiya, transport, sanoat kooperatsiyasi kabi yo‘nalishlarda o‘nlab kelishuvlar imzolandi.
Iqtisodiy hamkorlik o‘sishi sur’ati aynan shu davrda keskin o‘zgardi. Savdo aylanmasi qisqa vaqt ichida bir necha karra oshdi. 2016-yil taxminan 2 milliard dollar atrofida chamalangan o‘zaro savdo aylanmasi 2021-yilga kelib 4 milliard dollarga yaqinlashdi. Bunday o‘sish tasodif emas. Zero, bojxona tartib-taomilini soddalashtirish, chegaradan o‘tish manzillarini kengaytirish va “yashil yo‘laklar” ochish orqali savdo muhiti ancha yengillashdi.
Sanoat kooperatsiyasi yangi bosqichga chiqdi. Qo‘shma korxonalar soni ortdi. Ayniqsa avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari sohalarida hamkorlik kuchaydi. Ikki davlat ishlab chiqarish zanjirini o‘zaro bog‘lashga harakat qilishi importga qaramlikni kamaytirib, qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qildi.
Transport va logistika sohasidagi o‘zgarish ham strategik ahamiyat kasb etdi. Temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali yuk tashish hajmi oshdi, tranzit salohiyati kengaydi. Qozog‘iston orqali Rossiya va Yevropa bozoriga chiqish imkoniyati kengaydi, O‘zbekiston orqali esa Afg‘oniston va Janubiy Osiyoga olib boradigan yo‘nalish faollashdi. Shu tariqa ikki davlat mintaqaviy logistika tizimining muhim bo‘g‘iniga aylandi.
O‘zaro munosabatning eng muhim sifat o‘zgarishi siyosiy ishonch darajasi ortishidir. Ilgari ehtiyotkorlik bilan yondashilgan masalalar, jumladan suv-energetika va chegara oldi sherikligi bo‘yicha muloqot ochiq shaklga ko‘chdi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik masalasida bir-biriga yaqin qarash namoyon eta boshladi.
2021-yil jarayonning mantiqiy davomi sifatida tarixiy qaror qabul qilindi: O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabat rasman strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu faqat siyosiy bayonot emas, balki mavjud aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini anglatdi. Ya’ni, hamkorlik alohida sohalar bilan cheklanmay, kompleks va uzviy tizimga aylana boshladi.
Shu tariqa 2017-2021-yillar oralig‘i ikki davlat munosabati qayta shakllanishi davri sifatida namoyon bo‘ldi. Avval shakllangan huquqiy va tuzilmaviy poydevor aniq mazmun bilan to‘ldirildi, iqtisodiy va siyosiy aloqalar jadal o‘sish bosqichiga kirdi.
Strategik sheriklikdan amaliy integratsiyaga – 2022-2026-yillar

2022-yildan boshlab hamkorlik tarkibiy jihatdan chuqurlashdi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi barqaror o‘sishni saqlab qoldi va 5 milliard dollarlik chegaraga yaqinlashdi. Bir qarashda bu raqam faqat iqtisodiy faollikni anglatadigandek tuyuladi. Binobarin, mazkur jarayon ortida muhim sifat o‘zgarishi ham bor: savdo tarkibi turi sezilarli darajada kengaya boshladi. Almashinuvda avval asosan xom ashyo va oziq-ovqat ustunlik qilgan bo‘lsa, endilikda sanoat mahsulotlari, tayyor tovarlar va xizmat ulushi ortmoqda.
Sanoat kooperatsiyasi integratsiyaning asosiy drayveriga aylandi. Qo‘shma loyihalar soni ortib, umumiy qiymat milliardlab dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, elektr texnikasi, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish zanjiri shakllanmoqda. Bu jarayon oddiy eksport-import munosabatidan farq qiladi: mahsulotlar bir mamlakatda ishlab chiqarilib, ikkinchisida qayta ishlanadi yoki yig‘iladi. Shu tariqa ikki iqtisodiyotning bog‘liqligi kuchaymoqda.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik tus olgan. Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi tranzit yo‘laklar global ahamiyat kasb eta boshlagan bir payt O‘zbekiston va Qozog‘iston infratuzilmani uyg‘unlashtirishga kirishdi. Temir yo‘l tarifini muvofiqlashtirish, bojxona jarayonini raqamlashtirish va chegaradan o‘tish manzillarini modernizatsiya qilish kabi choralar yuk aylanmasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda. Endi davlatlarimiz nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro logistika zanjirining muhim xalqalariga aylanmoqda.
Geosiyosiy omillar ham integratsiya jarayoniga ta’sir o‘tkazyapti. Rossiya, Xitoy kabi tashqi kuchlar Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy jarayonda faol ishtirok etayotgan bugungi sharoitda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘z yondashuv va qarashlarini muvofiqlashtirishga harakat qilmoqda. Hozirgi bosqichning asosiy xususiyati o‘zaro munosabat chuqur tizimlashgani va amaliy natijaga yo‘naltirilganida namoyon. Ilgari asosan siyosiy iroda bilan cheklangan hamkorlik endi iqtisodiy manfaat, ishlab chiqarish zanjiri va infratuzilma orqali mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, munosabatlarimiz ortga qaytmaydigan darajada o‘zaro bog‘liqlik sari yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabati rivojlanishi Markaziy Osiyoda yangi sifat bosqichi shakllanayotganini ko‘rsatadi. Zero, biz endi oddiy qo‘shni yoki qog‘ozdagi do‘stlar emas, balki o‘zaro manfaat, ishonch va aniq hisob-kitobga asoslangan barqaror sherikliklarmiz. Chegaradan boshlangan yo‘l bugun iqtisodiy bog‘liqlik, sanoat almashinuvi va mintaqaviy uyg‘unlikka eltuvchi aniq tizimga ulandi. Ushbu hamkorlik ikki davlat taraqqiyotini tezlashtirish barobarida butun mintaqada barqarorlik, bog‘liqlik va ichki imkoniyatga tayanadigan yangi taraqqiyot uslubini shakllantirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA