Chegara maskanlarida fitosanitar nazorat kuchaytirildi (+video)
Bugungi kunda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida respublika hududiga olib kirilayotgan o‘simliklar ustidan kuchaytirilgan karantin nazoratini davom etirmoqda.
Chegara maskanlarida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan kinologlar va «detektor xizmat it»lari yordamida qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlarning noqonuniy importi oldi olinmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatidagi “Navoiy” O‘KCHM (O‘simliklar karantini chegara maskani)da o‘tkazilgan ana shunday karantin ko‘rigi davomida Qozog‘iston Respublikasidan kelgan fuqaroning qo‘l yuklarida 1500 dona turli xil gul urug‘lari va ildizlari borligi aniqlandi. Fuqaro ushbu mahsulotlarga tegishli fitosanitar sertifikat va karantin ruxsatnomasini taqdim eta olmagan. Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, efito.uz axborot tizimi orqali xabarnoma jo‘natildi. Unga o‘simlik mahsulotlarini olib o‘tish bilan bog‘liq tartib tushuntirilib, yuk ortga qaytarildi.
Samarqand xalqaro aeroportida esa Xitoy davlatidan kelgan fuqaroning qo‘l yuki va bagajida poliz ekini urug‘lari aniqlandi. Mazkur mahsulot belgilangan tartibda olindi va yo‘q qilinadigan bo‘ldi.
Shuningdek, kinologlar tomonidan Rossiya davlatidan kelgan fuqaroning yuklarida 75 tup 3 xil turdagi archa ko‘chatlari borligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu ko‘chatlar ham qonunchilikda belgilangan tartibga asosan yo‘q qilinadi.
Qayd etish lozim, o‘simliklar va ularning qismlari, urug‘lar hamda ko‘chatlarni respublika hududiga olib kirishda belgilangan fitosanitar talablarga qat’iy rioya qilinishi lozim. Tegishli hujjatlarsiz yuqori fitosanitar xavfga ega mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish qonunchilikka zid hisoblanib, huquqbuzarlarga belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PcaL1t0UwZM" title="Chegara maskanlarida fitosanitar nazorat kuchaytirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA