Chavandozlarimiz jahon kubogi shohsupasida
Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida ot sportining to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘tayotgan Jahon kubogining 3-saralash bosqichida o‘zbekistonlik ikki nafar chavandoz g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Jahon kubogining 120 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan sakrash bahslarida hamyurtimiz Bekzod Qurbonov «Santos Xeppika» laqabli oti bilan g‘oliblikka erishdi. Hamyurtimizdan ortda qolgan qirg‘izistonlik Andrey Tryapisin 2-o‘rinni, qozog‘istonlik Ayan Ganiga esa 3-pog‘ona nasib etdi.

Musobaqada 140 santimetr kvalifikatsiya beruvchi Gran-Pri bellashuvlarida Bekzod Qurbonov «Matts» laqabli otida 59.15 soniya natija ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xurshidbek Alimjonov «Chempions League» laqabli otida kumush (59.77 soniya) medalga sazovor bo‘ldi.
Ot yo‘rttirish bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Alyona Derevyanko «Red Daymond» laqabli tulpori bilan 67,142 % natijaga erishib, bronza medali sohibiga aylandi.

Mazkur nufuzli musobaqada hozircha 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medaliga ega bo‘lgan mamlakatimiz sport sharafini O‘zbekiston Yilqichilik va ot sport federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev yetakchiligidagi 6 nafar sportchimiz himoya qilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA