Buzuq til havosi
Men vaqti-vaqti bilan lugʻat varaqlashni xush koʻraman, eng yaxshi koʻrganim ellik toʻqqizinchi yili chiqqan “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” edi, uni roman yo qissa oʻqigandek berilib oʻqiyman.
Ona tilim - oltin sandigʻim
Men vaqti-vaqti bilan lugʻat varaqlashni xush koʻraman, eng yaxshi koʻrganim ellik toʻqqizinchi yili chiqqan “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” edi, uni roman yo qissa oʻqigandek berilib oʻqiyman. Soʻzlar ohanrabodek oʻziga tortadi. Ellik yil oldin odamlar qanaqa gaplashgan, tilimizning ahvoli qanday boʻlgan, buguni bilan solishtirganda nima oʻzgarishlari bor – lugʻatni oʻqib bu haqda ancha tasavvur olish mumkin.
Tilimizning yarim asr ilgarigi manzarasi bugunni ham yoritib, nimalar qilishimiz zarurligini taʼkidlab turadi. Mazkur lugʻatda qadimdan kelayotgan beqiyos gavharlar bilan birga davr, mafkura taqozosi bilan toʻkilgan shagʻal toshlarigacha aks etgan. Unda baʼzi soʻzlar bor, maʼno teranligi, ifoda tovlanishlari odamni hayratga soladi, lekin bugunga kelib tasarrufdan chiqib ketgan, tarjima-parjimada ishlatilib qolmasa, qoʻllanilmaydi; ayrim ibora yo atamalar borki, tilimiz tiynatiga yot, sunʼiy koʻchirma, lekin koʻp foydalanilgani uchun quloqqa quyilib, qoʻllash odatga aylanib, avom tilidan, keyin lugʻatdan ham joy olib qolgan, endi chiqib ketishi juda qiyin.
Shoʻro davrida til rivoji turgʻunlikda kechdi, ha, rivojning oʻzi ham turgʻun edi. Shu turgʻunlikni davrning lugʻatida yaqqol koʻrasiz. Bugun oʻqiganda lugʻat ham mafkura quroliga aylanganiga taajjublanasiz. “Million yillar oʻtganda ham, toshga yoʻnilgan xatlar oʻchganda ham, Lenin kishilarning koʻnglidan oʻchmaydi” (Oʻzbekcha-ruscha lugʻat. 1959. 594-bet). Bir vaqtlar mazkur gaplar hikmatdek oʻqilgan, bugun esa unga yosh bola ham ishonmaydi, toʻgʻrirogʻi, bilmaydi. Siyosat ekan-da, nima deysiz, “barqarorlik” soʻziga misol tarzida “sovet soʻmining barqarorligi” deb misol keltirilgan, bugun gʻashingiz keladi.
Har holda, oqar suvni tindirib ichish zarur boʻlganidek, lugʻatni ham mafkura loyqasini choʻktirib oʻqiysiz, unda zamon quyqasi bisyor. Shoʻro davri isqotiga aylangan boʻlsa-da, avom tilining magʻzi-magʻziga singib, hali-hanuz urfda boʻlib kelayotgan yot soʻz, soʻz birikmalari, atama, ibora va tushunchalar son-mingta. Tushuncha deganim shuki, bir narsa yoki hodisani, masalan, ruscha eshitsangiz, siz ham uni ruscha ishlatsangiz, u haqdagi tushuncha ham ruscha boʻladi-da. Ayniqsa, muqobili boʻlmasa. “Pomidor” deb koʻring-da, oʻylang: qayoqdandir chetdan kelgani mudom esingizda turadi, uni hatto “pamildori” desangiz ham oʻzbekchalashmaydi. Yassi ombirni “plaskagubsi” (“ploskogubsы”) deb ketdik, asli, oʻz tilimizda qanaqaligi xayolimizga ham kelmaydi, oʻzbekcha oʻylashga intilib ruscha fikrlaymiz. Mixni tishlab sugʻuradigani Samarqand tomonlarda “kampirogʻiz” deyiladi, juda topilgan oʻxshatma, ikkinchidan, bu xil ombir vagoni bilan Moskovdan keltirilgan boʻlsa-da, xuddi oʻzimizning temirchilar yasagandek jiringlaydi, lekin adabiy tilda qoʻllashga chakkamiz tirishadi: qishloqi soʻz-da. Qashqadaryoda uning “tishlogʻich” istilohi bor, bu ham oʻsha maʼlum hududlardagina aytiladi.
Oʻtgan asr oʻrtalaridagi lugʻatning til manzarasi bugungi kundagi muammolarni, aytish mumkinki, til ekologiyasi dolzarbligini, yaʼni beparvolik, bepisandlik, eʼtiborsizlik, koʻp hollarda esa savodsizlik tufayli guftugoʻ zabonimizning buzilishi muammolarni uqtirib turadi. Misollar koʻlami, tabiiyki, millionlab odam tasarruf etgani bois, nihoyatda keng.
Bir yozuvchining asarida toʻgʻon “damba” deb yozilganini oʻqidim; hayotda shunday, xalqdan olingan, qahramonlari shunday deydi, avom tilida ham, adabiy tilda ham asli bu “dam” – suvni toʻsib, damlaydigan joy, bu soʻz rus tiliga “damba” boʻlib koʻchib, yana oʻzimizga qaytib kelgan, endi ruscha boʻlib. Yaqin-yaqingacha Gʻallaoroldagi temir yoʻl bekati “Bogarniy” deyilardi. Bolaligimdan bilaman, odamlar ham bu bekatni “Bogarniy” deb kelgan. Tubini surishtirsangiz, bu soʻz ham asli oʻzimizniki: “bahorigi”, “bahorgi”, “bahorikor”dan. “Bogarnыye zemli”, “Bogarnыye sorta” – Gʻallaorolning lalmi-bahorikor yerlaridan gʻalla olinadi, rasmiy yozishma, hukumat topshiriqlarining ruscha boʻlgani bu topshiriqlarni tushunishni ham “zernovoy sovxoz” singari ruslashtirib yuborgan.
Tepadan tilni ruslashtirish haqida buyruq yo xos ochiq koʻrsatma tushmagan, tilning buzilishlari aksariyat holda mafkura bosimining odamlar ongiga taʼsir oʻtkazishi bilan bogʻliq. Bizga hozir bu oʻz-oʻzicha shunday boʻlgandek tuyuladi, avom nutqi.
Bizdagi Jomboy (hozir shaharcha) bu yerdan temir yoʻl oʻtgandan beri aholi tilida “Raziz”, bolaligimizda “Jomboy” degan atama aytilmas (nariroqdagi bir manzil “Eski Jomboy” deyilar) edi, hu temir yoʻl bitta qoʻsh iz vaqtlari poyezdlar bir-biriga yoʻl beradigan bekat, uni, masalan, “Ayirgʻich” yoki “Ayirma” desa ham boʻlardi, lekin ruscha “Razyezd” deb atalgan va “Raziz” tarzida omma tiliga singib ketgan. Mustaqillikdan keyin Jomboy atamasi asliga qaytarildi, lekin “Raziz” avom tilidan butkul chiqib ketganicha yoʻq.
Shu shaharchamiz yonidan Katta oʻzbek yoʻli oʻtadi, u bilan qishloqlardan chiqqan yoʻl kesishgan joy ham bolaligimizdan beri jonli tilda “Pirkiroska”. Yoʻl yotqizilgan payti “Perekryostok” degan koʻrsatkich qoʻyilgan boʻlsa, shundan qolgan. Jami odam “Pirkiroska” der edi, yaxshi ham bu yerda bozor qurildi-da, joyning asl nomi oʻziga qaytdi. Hozir “Shayman” yoki “Shaymanbozor” “Pirkiroska” bilan muqobil aytiladi.
Ha, darvoqe, adabiy tildan farqli ravishda, jonli soʻzlashuv tilining “avom tili” degan aniq atamasi bor, “avom” bunda omi, joʻn maʼnosini emas, balki omma, koʻplik maʼnosini beradi. Jonli soʻzlashuv tilining “qora til”, “yalpoq (jalpoq) til” kabi yana loʻnda istilohlari mavjud.
Tillar aralashuvining juda gʻalati, gohida zavqli holatlariga duch kelasiz. Qishloqda kampirlar uddaburon, bilgich odamni yoqtirmasalar: “Juda xitir odam”, – deydilar. “Xitrыy”, “xityor” soʻzi oʻrischani mutlaqo bilmaydigan kampirlarning tiliga kirib, “ayyor”, “ustomon” kabi soʻzlarning oʻrnida qoʻllanadi. Mana oʻzingiz qarang: “Roʻzgʻorda ikanom boʻlmasa, kapeyka”, “Menga mushayt qilma”, “Ha, kataysa qilib keldingmi?”, “Kelinni padrushka qilib yuribsanmi?”, “Shunaqa palitka qilib ketdi-da” (“ekonomiya”, “kopeyka”, “meshat”, “katatsya”, “politika” soʻzlarining talaffuzda turlanishi)…
Shunaqa istilohlar lugʻatga ham kirib, uning izohi ham beriladi, masalan, “kataysa – kataysa qilmoq. Razg. katatsya; payok – payok, bir haftalik payok; paket – qogʻoz paket, palatka – palatka; palatka qurmoq, palyon – poleno, palitka – razg. politika, maxinatsiya...”. Bu esa shunday aytganimiz toʻgʻri degan tavsiyaga aylanadi.
Yana, masalan, “plan” soʻzi, oʻzimizda “reja” degan muqobili boʻlgani holda, shoʻro davrida, shunday qilsa mahobatli chiqib, tuzumning qudratini urgʻulab turarmidi, ayniqsa, “yetti yillik plan” (hozir uning nimaligini koʻpchilik bilmaydi, bilganlar eslamaydi), ishqilib, “plan” tarzida tilimizdan oʻrin oldi. “Reja” yo “moʻljal” soʻzlarini qoʻllash qoloqlik yo eskilik sarqiti boʻlib qoldi. Shu ildizdan “planbozlik”, “planlashtirish”, “planli”, “plansiz”, “plansizlik” kabi sunʼiy istilohlar yasalib ishlatilaverganidan ular ham lugʻatdan joy olgan. Hozir rejaning asl istilohiga qaytdik, lekin “plan” tilimizdan butkul chiqib ketganicha yoʻq.
“Banka” soʻzi oʻzga tildan tayyor holicha olib qoʻyilgan, “banka”, “shisha banka”, vassalom! “Banka yopmoq”, “Banka qoʻyish”. Bunaqa istilohlarni sanayversangiz, ensa qotib ketadi – shu qadar koʻp.
Davrning oʻzgarishlari ham qiziq, ayrim soʻzlar tilimizga kirib, yalpayib oʻrnashib, tomir otib, keyin yoʻqolib-yitib ham ketadi. Endi “batrak” degan soʻz ishlatiladi, u ham shu holicha tarjimasiz “batrak”, “batraklashmoq”, “batraklashtirilmoq”, “batraklashtirmoq”, “batraklik”, “batrachkom” tarzida lugʻatga kiritilgan, xuddi shunday aytilsa, yoʻqsilning oʻtmishda ezilishi urgʻulanib, shoʻro gʻoyalari salmogʻi kuchayib qoladigandek.
Tasarrufga bir paytlar kirib, ancha muddat ishlatilgan boʻlsa kerakki, “belat qilmoq” (“belit”, “proizvodit pobelku”), “belatchi” (“malyar”, “belilщik”) lugʻatdan shu holicha oʻrin olgan. Holbuki, tilimizda “ohaklash”, “ohakchi”, “oqlash”, “oqartish” singari oʻz soʻzlarimiz bor. “Berilmoq”qa misol tarzida “Zakaznoy xat oʻz egasining qoʻliga beriladi” jumlasi keltirilgan, chunki shu “zakaznoy” avom tiliga singib ketgan, “tegishli” yoki “buyurtma” soʻzlari qoʻllanmagan. Faqat “zakaznoy” manzilga aniq yetib boradigandek.
Muqobillari boʻlgani holda, koʻp soʻzlar shu tarzda tasarrufda koʻp qoʻllangani uchun ancha chuqur joy olib qolgan. “Belat” (“bilet”), “kassa”, “istansa” (“stansiya”), “vokzal”, “peron” (“perron”), “tavarni” (“tovarnыy”), “passajirski” (“passajirskiy”) singari. Baʼzi soʻzlar boʻladi, biron-bir uskuna yoki asbob atamasi sifatida kirib kelgan va shu narsa bilan birga chiqib ketgan. Shoʻro paytida hamma yoqda shiorlar alvon boʻlib, “lozinka” (“lozung”) deb aytilar edi. Mustaqillikdan keyin alvon shiorlar bilan birga “lozunka” ham tilimizdan tushib qoldi. Bundan ancha yillar ilgari jamoat naqliyotida (transportida) chipta bilan birga “abonement” keng qoʻllanar, har bir avtobus yo tramvayda bu abonementni belgilash uchun ikki yoki uchtadan teshgich – “komposter” boʻlar edi. Hozirgi avlodlar ikkalasini ham bilmaydi, binobarin, har ikki soʻz ham faol tasarrufdan tushib qolgan. “Kontrolyor”ning ham qismati shunday kechdi. Bekatlarda qoʻliga qizil latta bogʻlab, transportdan tushgan har bir odamning chiptasini tekshirib, “quyon”larni tutadigan barvasta xotinlarni faqat katta yoshdagilar eslaydi, demakki, “quyon” soʻzining chiptasiz yurgan odamga nisbatan koʻchma maʼnoda ishlatilishi ham hozir oʻtmish xotirasiga aylanib qolyapti.
Gʻalati, juda ajablanarli, “naqliyot” oʻzimizda ishlatilib kelgani holda, “jamoat transporti” deymiz. Transportni “ulov” demaymiz, uni faqat eshakka nisbatan ishlatamiz, goʻyo “ulov” desak, gʻildiragi tushib qolib, dum chiqaradigandek, oʻzimiz qoloq andiga aylanadigandek.
Til oʻzgarishlarini kuzatgan odam sarguzasht asar oʻqigandan kam zavq olmaydi.
Shahar, qishloq, mahallalarda bundan atigi yigirma yil oldin joy nomlari qanday boʻlganini bir eslang. Kuni kechagi tarix. Yuzlab, minglab Lenin, Ulyanov, Lunacharskiy, Frunze, Ordjonikidzelar… Yana oʻzimizda mahalliy miqyosdagi inqilobchilarimiz ham bor edi. Guliston choʻllarida shoʻro marshallari nima yoʻqotgan ekan, ishqilib, har biri bittadan sovxozni nomi tagiga bosib olgan edi. Yuriy Gagarin ham koinotga uchib qaytganidan keyin shoʻroning boshqa mintaqalaridagi kabi, jumladan, Mirzachoʻlga ham muqim oʻtirib qolgan.
Bizda oftob chiqmaydimi, nur sochmaydimi, unda nimaga yuzlab kolxoz-sovxozlarimiz nomi “Rassvet”, “Zarya”, “Krasnaya zarya”, “Zarya Vostoka” boʻlgan? Mayli, bularni qoʻyavering, necha-necha asrlardan beri kelayotgan tarixiy nomlarni oʻzgartirishdan mantiq nima? Ularning oʻrniga xilma-xil “yangi”lar, “obod”lar yasab tashlanavergan. Hech nom topilmasa, “Yangiqishloq”, “Yangiobod” deb qoʻya qolishgan. Qoʻshni, masalan, Tojikistonni aytmaylik, mamlakatimizning oʻzida nechta “Leninobod”, “Mehnatobod” yo “Mehnat-rohat” atamasi boʻlgan ekan? Toponimika bilimdoni Suyun Qorayev bularning sanogʻini keltirib hayratga solgan edi.
Baʼzan esa soʻz yasashda inson aqlining topqirligidan esingiz ogʻadi: “Nurli quyosh” emish! Qarang, xuddi quyoshning nursizi ham boʻladigandek. Bizni yoritib turgan oʻzi bitta quyosh-ku, osmonda koʻringan boshqalari yulduz, ahli donolar nurliga aksini qaydan topgan ekanlar? Biz tomonda bir qishloqni haligacha Davlatli turmush deydilar. Mayda kolxozlar zamonidan shu ot qolib ketgan. Asli oti Toʻtixolajon boʻlgan. Katta bir qishlogʻimizning oti Pushkin, shu nomdagi kolxozdan qolgan, asli atamasi Xitoybola deyishadi.
Hozir eslab odam hayron qoladi. “Sotsializm” atamasi eng koʻp ishlatiladigan soʻzlardan edi. “Sotsialistik majburiyat”, “sotsialistik tuzum”, “sotsialistik lager”, “sotsialistik mamlakat”. Bular tushunarli. Lekin “sotsialistik mehnat”ni qanday tushunish mumkin? Boshqa tuzumdagilarning mehnati “kapitalistik” yo “imperialistik” boʻladimi? Keyin yana, yodingizdami, paxtadan yo boshqa narsadan ishlab chiqarish davlat rejasi bajarilsa, undan keyin “sotsialistik majburiyat”ni bajarish, e-e, ana shunisi sharafli boʻlar edi. Uni “majburiy” yoki “qoʻshimcha” reja deb toʻgʻri aytib qoʻya qolsa boʻlmasdimi? Yoʻq edi, shekilli-da. Neytral tuzumda yashaydiganlarning mehnati “neytral mehnat” deb atalsa gʻalati chiqadi-ku, a?
Hozir tushga oʻxshaydi: “viloyat”, “mavze” kabi soʻzlarni qoʻllashdan eskilik hidi kelar, Oʻzbekistonimizni “mamlakat” deb atash millatchilikning oʻzginasi boʻlar edi. Chunki mamlakat bitta – boshi-keti koʻrinmaydigan bepoyon Sovet Ittifoqi edi. Hozirgi mustaqil davlatning u paytdagi hududlari qogʻozda boʻlsa-da, “mamlakat” emas, “respublika”, “yurt”, “el”, “makon” edi. “Tuman” joy, hudud maʼnosida mutlaqo ishlatilmas, faqat ming yoki ob-havo hodisasi maʼnosida qoʻllanardi. “Birinchi sekretar”ni “birinchi kotib” deyish qiyin, chunki “kotib” uning amalini pastlatib, mafkuraga zid milliy qilib qoʻyardi.
Shunaqa, har bir davr, zamonning oʻz soʻzlari, sevimli atamalari boʻladi, shekilli. Hozirgi yoshlarga “dala malikasi” desangiz, hech birovi bilmaydi, holbuki, oʻtgan asrdagi Xrushchev zamonida makkajoʻxorining “qanotli” atamasi shu edi. “Shonli besh yillik”lar, “yetti yillik”lar ham hozirgi yoshlarga lugʻaviy maʼnosidan boshqa tushuncha bermaydi. Bular “shonli” soʻzi bilan birga oʻtkinchi boʻlib, tarixga choʻkib ketdi.
Maktab darsligida Volga daryosi boʻyida yashaydigan xalqlarning ogʻir ahvoli aks etgan bir rasm boʻlardi, “Burloqlar” degan. Shuning nimaga “soldov”, soldovchi» istilohi oʻzimizda boʻla turib, ruschasi (“burlaki”) olingan, badiiy asarlar tarjimasida ham “burloq” tarzida qoʻllanib ketgan, tayinli mantiq topa olmaysiz. Tarix darsliklarida ishchilar oʻtmishdagi ishchilar “stachka” qilardi “stachkom boshchiligida”. Adabiyot darsliklarida Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy kabi buyuk shoirlar “feodal-klerikal” edi.
Yana “Raziz” masalasiga qaytib, shu asnoda Jomboy tumani jonli toponimikasini misol qiladigan boʻlsak, uni til oʻzgarishlari (buzilishi) qomusi deb atash mumkin. Mana, men tugʻilgan qishloqning juda qadimiy bozorjoyi bor, adashmasam, tumandagi ikki bozorning biri edi. Shu bozorjoyligi tufayli uning Gʻazira nomi kolxoz-sovxoz boʻlib, nomlar oʻzgarsa-da, butkul oʻchib ketmadi, lekin goh “Lenin yoʻli”, goh “Ukraina”, goh “Bozorov” tarzida muvoziy qoʻllanaverdi. Gʻaziraning chor-atrofi Istalin, Pushkin, Moʻltip, Varashilop, Kakanovich, Kalelin, undan keyin Abalin degan qishloqlar ham bor edi. Karil Markis, Engilis, Kamunizim, Oxunboboyip, Maskava, Kirop, Purunza, Partsez – bularning toʻgʻrisini yozish shart emasdir. Shu talaffuz bilan aholi tiliga singgan.
Tuman xaritasi ustidan misoli mafkura toʻfoni hamma yoqni gʻorat qilib oʻtganga oʻxshaydi. Lenin, Stalin, Kaganovich, Molotov, Voroshilov, Kuybishev, Frunze, Ulyanov, Oktyabr, Moskva, Kommunizm, Lenin yoʻli, Partsyezd, Leningrad… E tavba deyman, nom qoʻyish ham bir yut boʻlganmi!
Hammasi otam zamonidan – bir vaqtlardagi mayda kolxozlardan yodgorlik, bu nomlar rasman oʻchgan, lekin avomda, xususan, katta yoshlilar tilida saqlanib qolgan.
Toʻqson toʻqqizinchi yili tuman gazetasida saylov uchastkalari roʻyxatida Soʻxmon, Sariqipchoq, Xitoybola, Mitan, Qoʻlbosti, Qozoqovul, Xoʻja, Tegirmonboshi, Tepa, Turkman, Dovcharariq, Sherqoʻrgʻon, Ogʻajon, Oʻrdabozor, Goʻzay, Nogahon, Qoʻziguzar, Archa, Dovchar, Qurmi, Qangli, Qoraxitoy kabi koʻpini eshitish tushimga ham kirmagan joy nomlarini oʻqib hayratda qoldim. Shuncha atama shoʻro qaznoqlarida mogʻor bosib yotaverar, saylov uchastkalarini nomlash paytidagina oftob yuzini koʻrar ekan. Bu ham baxtli tasodif yo bir korafta bilimdon odam, balki, tuman gazetasi zahmatkash muxbiri yo muharriri shunday kommunizmu partyezdlar zamonida yitmas matoh sifatida asl holida roʻyxatlab qoʻygan, baraka topsin!
Endi oʻzbek tiliga kirib qolgan, bugungacha tasarrufda kelayotgan yot atamalarning koʻlami haddan keng: “istansa”, “astanovka”, “uchastka”, “plug”, “lemex”, “atval”, “pritsep”, “barana”, “kultivassa”, “chizil”, “varaqachistitel”, “karchopka”, “chikanka”, “svarka”, “montyor”, “montaj”... Shu buzuq soʻzlarning hammasi soʻzlashuv tilimizda bor.
“Botinka”, “tufli”, “saposhka” deb ketdik. Holbuki, “boshmoq”, “etik”, “etikcha” soʻzlari oʻz tilimizda bor. “Paypoq” yoki “jilop” turganida “noski”ning keng ishlatilishiga nima deysiz?
Boshqa tilni mutloq bilmaydigan kampirlar “bekat” yo “manzil” demaydi, masalan, “Falonchi aptabus astanopkada simichka sotadi”, – deydi (“semichka”ni “kungaboqar” yo “pista” deb aytishmaydi).
Bizga choy shimol xalqlariga nisbatan ilgariroq kirib kelgan, lekin unga taalluqli ayrim soʻzlar keyin islohga kirib, jonli soʻzlashuvdan ham joy egallagan. Men bolaligimda bir soʻzni eshitib hayron boʻlardim: kampirlar nevarasiga: “Magazindan bir ashmishkagina choy ham olib kel”, – deb tayinlar edi. “Ashmishka” nima ekan? Koʻp oʻqisam ham kitoblarda oʻqimaganman bu soʻzni. Oʻzbekchaga ham, ruschaga ham oʻxshamasdi. Keyin bilsam, bu “osmushka” – “vosmushka”, yarim yoki nimchorak, sakkizdan birning buzilgani ekan, esingizdami, yaqinlargacha Samarqand choy fabrikasida choy shunaqa yarim qadoqli, bir qadoqli qogʻoz oʻramlarda chiqarilardi. Shuning kichkinasi “ashmishka” ekan. Endi qarang til oʻzgarishlarini: “damlam” yoki “quruq choy” muqobili boʻlgani holda, “zavarka”, “objoʻsh”, “qaynatma” boʻlgani holda, “kipitok” ham keng qoʻllanadi. Turli millatlar oʻrtasidagi yaqin munosabatlar ularning tillari oʻrtasida kuchli ayirboshlashga olib keladi. Bu hol tarixda turkiy-arab, turkiy-forsiy yoʻnalishda juda keng tus olgan. Keyingi ikki asrda oʻzbek tili bilan rus tili oʻrtasidagi munosabatlarni ham ana shu siraga kiritish mumkin. Muqaddam uch yuz yillik tarix rus tiliga ham taʼsir oʻtkazdi. Masalan, yirik rus turkolog olimi N.A.Baskakov “Russkiye familii tyurkskogo proisxojdeniya” (M.: Nauka, 1979) kitobida shunday familiyalardan uch yuzini koʻrsatib, ularning kelib chiqishini oilaviy shajara va gerblar misolida tarixiy-filologik nuqtayi nazardan tahlil etadi. Bu turkiy til bosqini emas, Rossiya bosib olgan oʻlkalardan oq podsho xizmatiga oʻtib, dvoryanlik, knyazlik martabalari, mulk, unvon va boshqa amallar bilan taqdirlangan turkiy xalqlarning avlodi, turkiy familiyalarning rus tiliga kirishi tabiiy hol edi. Umuman, turkiy istilohlarning rus tiliga oʻtishi xalqlarning keng bir hududdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy bordi-keldilari natijasi deb qaraladi.
Bizda hozir boshqacha hol kuzatiladi. Taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar, adabiy tilni quvvatlab turadigan adabiy jarayonning sustlashgani, haqiqiy badiiy asarlar kam yaratilgani yoki sanʼat oʻz vazifasi qolib toʻy-hashamlarda yallachilik, bazmgarlik bilan cheklanib qolishi oqibatida umumtil ham vazminchilikka uchradi, sanʼatning tili oldi-qochdi oʻldim-kuydimga aylandi va alal-oqibat chet taʼsirlarga nisbatan moʻrtlashib qoldi.
Oʻzga tilning surunkali, uzluksiz taʼsiri tilning asliga oʻzgalashishiga olib keladi, til ichdan yemirila boshlaydi va bunga, takror aytaman, oʻzimiz sababchimiz, tilni asrashni, uni chet bosqinlardan asrashni oʻylamasligimiz oqibatlari ancha yillardan beri odatga aylandi.
Shukrki, til jarayoni bir yoqlama emas, avom tili oʻzini oʻzi tozalab boradi, lekin oʻzimiz bila turib ifloslantiraversak, bu tozalash ham hayotimiz boricha keyin ketadi.
Sotsialistik tuzum, kompartiyaning yakkahokim mafkurasi yitib, tilimizga mustahkam kirib qolgan “obkom”, “partkom”, “vigovor”, “narodniy kontrol”, “obixis”, “proverka”, “sledovatel”, “ispolnitel” degan soʻzlar kelgan joyiga ravona boʻlayotir, qaytib chiqib ketayotir. Hozirga kelib, masalan, “sotsial xavfli unsur” – “sotsialno-opasnыy element”, “burjuaziya malayi” – “prispeshnik burjuazii” kabi hukmdek aytiladigan iboralar ishlatilmaydi.
Til ham bir mudom oʻsadigan daraxt, uni parvarishlash kerak, qaramasangiz, qiyshiq oʻsadi, gʻovlab ketadi, bachki novdalari koʻpayadi. U ham sarishtalik soʻraydigan roʻzgʻor, pokiza qilib turmasangiz, ivirsiq bosadi, isliqib, patarot topishi bor gap.
Shunchaki bir misol: “beshkokil” nima desangiz, kamdan-kam odam bilsa kerak, chunki qizlarning sochini bunaqa oʻrish faqat lugʻatda qolgan. Soʻz boyliklaridan ishlatilmagani uchun yitib ketayotgani qancha!
Lugʻat, tabiiyki, soʻzlashuv jarayonida tasarruf etilayotgan soʻzlarni aks ettiradi. Masalan, oʻzbekcha-ruscha lugʻatlar til oʻrganuvchilarga moʻljallanadi, biz qanday gapirsak, tilimizda qanday soʻzlarni qoʻllasak, rus tili orqali oʻzbek tilini oʻrganmoqchi boʻlgan odam bularning hammasini shunday oʻzlashtiradi.
Albatta, jiddiy olimlarimiz, tilshunoslarga reklamadan misol keltirsangiz, shundan boshqa gap yoʻqmi degan maʼnoda ensasini qotiradi, lekin reklama shunaqa surbet narsaki, har kuni oʻnlarcha marta takrorlanadi, tomoshabin miyasiga mixlanaveradi. Yaʼni tasarrufga kiraveradi. Quloq notoʻgʻri iboraga oʻrgangandan keyin, toʻgʻri soʻz talaffuzi qoloqlik boʻlib tuyuladi. Tilchilarimiz keyin bunga til hodisasi sifatida qaraydilar (shevada gapirishni bir olim shunaqa oqim paydo boʻldi dedi).
Oʻnlab misol keltirish mumkin. Chiqib ketgan, tushib qolayotgan soʻzlar oʻrniga yangi-yangi begona atamalar kirib, tilimizning ifloslanish jarayoni toʻxtamayotir.
Oʻzimiz har kuni tasarruf qiladigan tanish soʻzlarning juda koʻp notanish maʼnolarini topib hayratga tushaman. Kundalik tasarrufda juda koʻp soʻzlarni ishlatamiz, koʻpincha uning kelib chiqishiga eʼtibor bermaymiz. Mana, bitta “koʻz” istilohini olaylik, qanchalar koʻp maʼno va maʼno tovlanishlari bor.
Ilgari ijodkorlar, shoirmi, yozuvchimi, baxshimi, tilni xalqdan, xalq orasida yurib oʻrgangan, boshqa qayoqqa ham borsin edi? Bu gap ilgari “ular havodan nafas olgan” deganga oʻxshaydi. Hozir esa til, xususan, radio, ayniqsa, televideniye bosimi ostida. Televideniyening til havosi esa juda buzuq. Yoʻq, bugunga kelib tilga eʼtiborning susaygani yo, hozir koʻp aytiladiganidek, faqat shevachilikdan biliqsib ketayotganida emas, oʻzi televideniyening xarakteri shunday – undagi til – issiqxona tili, quritilgan, tozalangan, qaychilangan, qanoti, panjasi qirqilib, nihoyat, qush qilingan, xullas, sunʼiy til. Til jozibasi televideniyeda yoʻq. Lekin boshqa oʻrgatuvchi ham yoʻq: kitoblarning tiraji past, rasmiy matbuot nashrlari adadi juda kam, kattaroq tirajda chiqayotgan xususiy gazetalarning oʻziga til madaniyati yetib bormagan. Tuman muxbirlar lashkari “mulla bilganini oʻqiydi” qabilida ogʻziga kelganini gapirib, yozib yotibdilar. Hay, insof bormi, sizlar ham bir narsani oʻqiganmisizlar deb soʻraydigan odam yoʻq. Yasama soʻzlar, gʻaliz iboralar gʻij-gʻij, ularni bittalab sanab chiqishga umr yetmaydi. Koʻcha chet atamalar, “Men uni xohlayman” (koka-kola haqida) kabi savodsiz reklamalar bilan liq toʻla. Baʼzan endi foydasi yoʻqmikan, shunday ketaveradimi deb koʻngling choʻkadi. Keng tarqalgan nodonlik joriy donolik boʻlib qolyapti.
Bu jarayon hozir ham davom etayotir, nafaqat davomda, balki oʻsishda pastlab ketyapti.
Hali gaplashamiz bu mavzuda. Gaplashganimizning foydasi yoʻqdir endi, lekin bir fikr olishaylik, zora...
Ahmad Aʼzam, yozuvchi,
“Til nomusi” kitobidan.