“Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasi – bilimdon yoshlar bellashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Fan olimpiadalari markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur olimpiada tarix, geografiya, adabiyot, san’at va islom sivilizatsiyasi yo‘nalishlarini qamrab olib, IX–XVI asrlar oralig‘ida Markaziy Osiyo hududida yashab ijod qilgan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, mintaqadagi noyob tarixiy obidalarga bag‘ishlangan bilimlar sinovi asosida tashkil etilgan.
Olimpiada mazmunida Al-Xorazmiy, Al-Buxoriy, Al-Farg‘oniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Forobiy, Jaloliddin Rumiy va Amir Temur kabi jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan zotlarning merosi markaziy o‘rin tutadi.
[gallery-29233]
Shu bilan birga, olimpiada ishtirokchilari Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlarda joylashgan tarixiy obidalar — Somoniylar maqbarasi, Minora, Registon majmuasi, Ulug‘bek madrasasi va boshqa taraxiy-me’moriy durdonalar haqidagi bilimlarini ham sinovdan o‘tkazayapti.
Olimpiadada Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan jami 50 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Har bir davlatdan 14–18 yoshli o‘quvchilardan iborat jamoalar ishtirok etib, ularga tajribali rahbarlar hamrohlik qilmoqda. Shuningdek, musobaqaga xorijiy davlatlardan yuqori malakali ekspertlar, olimlar va professorlar jalb etilgan.
Olimpiada ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqichda ishtirokchilar Sharq allomalari ijodi va ilmiy merosi bo‘yicha chuqur tahliliy va ijodiy yozma ishlar tayyorlaydi. Ikkinchi bosqichda esa tarixiy obidalar bo‘yicha ilmiy-amaliy tahlillar taqdim etiladi.
G‘olib jamoalar oltin, kumush va bronza medallari hamda sertifikatlar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va madaniy meros ob’ektlariga sayohatlar tashkil etiladi.
Mazkur xalqaro olimpiadani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo allomalarining jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini keng targ‘ib qilish, yoshlar ongida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, boy madaniy va ma’naviy merosimizni xalqaro miqyosda ommalashtirishdan iborat.
“Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasi bugungi kunda nafaqat bilimlar bellashuvi, balki turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch, hurmat va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim intellektual platformaga aylanmoqda. U yoshlarni birgalikda fikr yuritish va yechim topishga o‘rgatadi.
Mazkur nufuzli intellektual musobaqa har ikki yilda bir marotaba o‘tkazilib, Sharq allomalari merosini chuqur o‘rganish va uni jahon miqyosida targ‘ib etishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA