Buyuk Britaniya mudofaa vaziri kutilmaganda iste’foga chiqdi (+video)
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili mudofaa sohasi uchun mablag‘ yetishmayotganini sabab qilib, lavozimini tark etdi, deb xabar berdi DW nashri.
Siyosiy doiralarda uning iste’fosi bosh vazir Kir Starmer uchun yana bir jiddiy siyosiy zarba bo‘ldi, deyishmoqda. 11-iyun kuni Jon Xili kutilmaganda iste’foga chiqqanini e’lon qildi.
U bosh vazir Kir Starmer va Moliya vazirligini mamlakat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni ajratmaganlikda aybladi. Xilining ta’kidlashicha, hukumat va Moliya vazirligi mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun kerak bo‘lgan mablag‘ni berishga tayyor emas. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida ma’lum qilgan.
So‘nggi paytlarda Britaniya ommaviy axborot vositalari hukumat ichida mudofaa xarajatlari bo‘yicha kelishmovchiliklar borligi haqida xabar berib kelayotgan edi. Yaqin o‘n yillikka mo‘ljallangan Mudofaa investitsiyalari rejasi bir necha oydan beri tasdiqlanmay kelmoqda. Bu esa biznes doiralarining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi byudjet kelasi hafta e’lon qilinishi kutilmoqda.
Xilining aytishicha, u mazkur reja bilan faqat 8-iyun kuni tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Uning fikricha, bu reja hozirgi xavfli vaziyatda mamlakat va mudofaa tizimi ehtiyojlariga javob bermaydi.
Jon Xilining so‘zlariga ko‘ra, agar hozirgi ehtiyojlarga mos keladigan mudofaa rejasi qabul qilinmasa, u qurolli kuchlarning jangovar tayyorgarligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qarorlar qabul qilishga majbur bo‘lardi. Bu esa harbiy xizmatchilar hayotini xavf ostiga qo‘yishi va mamlakat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
Shu sababli u bunday holatni qabul qilib bo‘lmas deb hisoblagan va iste’fo berishdan boshqa chorasi qolmaganini aytgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qD8UjOgcBq0?si=sN-wCq2z8P5bS60u" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA