Buxorodagi noqonuniy qurilishlar buzilmoqda
Buxoro viloyatida viloyat hokimligi, prokuratura, majburiy ijro byurosi, viloyat qurilish va uy-joy kommunal sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli xizmatlar hamkorligida hududdagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari boshlandi. Bu jarayon bevosita jurnalist, blogerlar, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari tomonidan kuzatib borilmoqda.
–Buxoro shahri hududida yer qonun buzilish holatlarini aniqlash va oldini olish borasida joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida jismoniy shaxslar tomonidan 98 ta holatda 1,28 gektar yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlangan, – deydi Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Jalol Arashov. – Yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari ikki barobarga oshgan. Aniqlangan qonun buzilishlarning oltita holatida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari dastlabki holatiga qaytarildi. Qolgan 92 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, shundan 61 ta holatda da’vo arizalari qanoatlantirildi.
Noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari Buxoro shahrining “Muxtor Ashrafiy” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Hazrati Imom” qabristoni yon tomonidan, 280 kvadrat metr yer maydonida o‘zboshimchalik bilan barpo qilinib, noqonuniy foydalanib kelinayotgan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari binosi maxsus texnika va kuchlar vositasida buzdirildi.
[gallery-14151]
Xuddi shunday, “Chorbaxossa” mahalla fuqarolar yig‘ini, Talija ko‘chasi, 15-uy yon tomonidan 110 metr kvadrat maydonni hech qanday tegishli hujjatlarsiz qurgan qurilish mollari savdo do‘konlari binosi, yana shu mahallaning Talija ko‘chasidagi umumiy 530 metr kvadratga teng maydondagi o‘ndan ortiq savdo do‘koni, yerto‘la va ayvonlar buzib tashlandi. Yer maydonini asl holiga keltirish yuzasidan mas’ullar va javobgar tomonlarga tavsiya va topshiriqlar berildi.
Albatta, bu jarayonda viloyat markazidagi Ibn Sino ko‘chasi yoqasidan o‘ziga tegishli bo‘lgan noturar bino yonidan 50 kvadrat metr yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, unda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasini qurib foydalanib kelayotgan “tadbirkor” “mulki” ham e’tibordan chetda qolmadi. Mazkur noqonuniy qurilma ham buzdirildi.
Tegishli tashkilot va boshqarmalardan olingan ma’lumotga binoan, tegishli hujjatsiz va o‘zboshimchalik bilan qurilgan binoni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish ishlari ham boshlangan. Barcha shahar-tumanlarda noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish amaliy harakati davom etmoqda.
– Tanlov g‘olibi bo‘lmasdan, shahar va tuman hokimlarining qarori bo‘lmasa yer maydoniga o‘z boshimchalik bilan egallab olish yoki shu o‘z boshimchalik bilan egallab olgan yer maydonida bino inshoot qurib yashash, savdo faoliyatini amalga oshirishga qonun doirasida yo‘l qo‘yilmaydi, – deydi Kadastr agentligi Buxoro shahar bo‘limi boshlig‘i Mo‘min Qodirov. – 92 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, shundan 61 ta holatda da’vo arizalari qanoatlantirildi. Yer fuqaroga tegishli bo‘lsa, fuqaro tegishli tashkilotlardan ruxsatni olib, aniq loyihalashtirilgan holda qurishni boshlashi kerak.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari, ko‘rilayotgan ta’sir choralariga qaramasdan mazkur qurilmalar ularni qurgan shaxslar tomonidan bartaraf etilmay kelinayotgani bois ham vakolatli idoralar, tegishli tashkilotlar tomonidan shunday majburiy va keskin choralar ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari.