Buxoroda yoshlar aksiya o‘tkazildi
Aksiya tashkilotchilari dastlab Vobkent tumanidagi “Ekvatorial chodak” korxonasida ishlayotgan yoshlar bilan uchrashdi.
Ularning siyosiy bilim va madaniyatini yuksaltirish mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqotda joriy yil oktyabr oyida o‘tkaziladigan Prezident saylovi va unga tayyorgarlik jarayonlari, muhim siyosiy tadbirga yoshlarning faol ishtirok etishi masalalari haqida so‘z bordi.
Buxoro shahridagi “Favvoralar” maydonida aksiya doirasida “O‘z kelajagimni o‘zim belgilayman, Sizchi?” shiori ostida insholar tanlovi, “Munozara” intellektual bellashuvi, yutuqli viktorina, yoshlarning huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan “Siz bilasizmi?” televizion o‘yini o‘tkazildi.

#Kelajaging_uchun_ovoz_ber,#Saylov_Imkoniyat_va_masuliyat, #Men_saylash_huquqiga_egaman xeshteglari ostida ijtimoiy targ‘ibot aksiyasi yuzasidan foto burchak tashkil etildi.
“Saylov – 2021: Kelajak xalq tanloviga bog‘liq!” mavzusida maqolalar hamda “Men ham saylovda faol ishtirok etaman” tanlovlari, Yoshsaylovchi.uz elektoron platformasining taqdimoti o‘tkazildi.
«O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» loyihasi butun Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilmoqda. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida turli sohalardagi muammolarning yechimiga aylanishi mumkin bo‘lgan, O‘zbekistonni rivojlantirishga oid g‘oyalar va takliflardan iborat keng miqyosli respublika tanlovining yarim final bosqichi o‘tkazildi. Buxoro viloyatidan ushbu loyihada ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etish istagini bildirib ariza topshirgan bo‘lsa shulardan 103 nafari viloyat saralash bosqichida qatnashdi. Ularga sertifikat topshirildi.

–“O‘z kelajagimni o‘zim belgilayman, Sizchi?” shiori ostida o‘tkazilgan insholar tanlovida jami 50 nafar yosh ijodkorlar ishtirok etdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot va media bo‘yicha mutaxassisi Zarnigor Shukurova. – 6 nafar ishtirokchi g‘olib sifatida esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. “Mening yurtim” telekanali tomonidan o‘tkazilgan intellektual savol-javoblar g‘oliblari badiiy kitoblar bilan rag‘batlantirildi. Aksiya ishtirokchilari “Munozara” intellektual bellashuvi orqali “Yoshlarning siyosiy bilimi – mamlakat, mintaqa va dunyo taraqqiyotida o‘rni beqiyos” mavzusida ikki jamoa o‘z fikr mulohazalari bilan o‘zaro bellashdi.Tashkil etiladigan loyihalarda 5 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi. Bunday targ‘ibot loyihalari orqali ko‘plab yoshlarning is’tedodi saralanishi barobarida, siyosiy bilim va ongi, madaniyati yana bir qarra rivojlanishi shubhasizdir.
Aksiyada O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Zayniddinov qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA