Buxoroda «To‘maris avlodlari» bellashdi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va «Mahalla» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi hamkorligida ayol harbiy xizmatchilar o‘rtasida «To‘maris avlodlari» tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Unda harbiy qizlar 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
To‘maris izdoshlari «Tanishtiruv», "Eruditsya” (bilimdonlik), «Oila qo‘rg‘oni bekasi», «Dolzarb mavzu» shartlari bo‘yicha kuch sinashdi. Ular harbiy bo‘lishlariga qaramay, oilada yaxshi uy bekasi, mehribon ona va mohir pazanda ekanliklarini shartlar davomida namoyish etdi.
Bellashuvda qizlarning mardligi, jasurligi, zukkoligi yana bir bor aks etdi. Murosasiz kechgan tanlovda 3-o‘rinni Xadicha Karimova, 2-o‘rinni Umida Hidoyatova qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin Dilnavoz Qo‘chqorovaga nasib etdi.
G‘oliblarga «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA