Buxoroda hunarmandchilik turizm rivojiga xizmat qilmoqda
Buxoro viloyatida milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, hunarmandlarning salohiyatini yuksaltirish va amaliy san’at namunalarini keng targ‘ib etish orqali hududning turistik jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Asrlar davomida shakllangan Buxoro hunarmandchilik maktabi milliy madaniy merosimizning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Kandakorlik, kulolchilik, gilamchilik, kashtachilik kabi an’anaviy yo‘nalishlarda yaratilayotgan mahsulotlar nafaqat mahalliy bozorda, balki xorijlik sayyohlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ular milliy qadriyatlar va xalqimizning boy madaniyatini namoyon etuvchi o‘ziga xos san’at asarlari sifatida qadrlanadi.
Viloyatda hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda keng targ‘ib qilish, shuningdek, turizm sohasi bilan integratsiyasini kuchaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ayni paytda viloyatdagi 193 nafar hunarmand «Turizm reyestri», 54 nafari esa «Milliy katalog»ga kiritilgan. Bu esa hunarmandchilik mahsulotlarini sayyohlarga kengroq tanitish, milliy amaliy san’at namunalarining ommalashuviga erishish hamda hunarmandlarning turistik xizmatlar bozoridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida milliy hunarmandchilikni targ‘ib etish maqsadida turli ko‘rgazma-savdolar, amaliy san’at yarmarkalari va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Ularda mahalliy ustalarning ijod namunalarini namoyish qilish, mahsulotlar savdosini yo‘lga qo‘yish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, viloyatdan 20 nafar hunarmand xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazma, yarmarka va festivallarda ishtirok etdi. Bu ularga milliy mahsulotlarni xalqaro maydonda namoyish etish, salohiyatli hamkor va xaridorlar bilan aloqalar o‘rnatish, yangi bozorlarga chiqish imkonini berdi.
Hunarmandchilik mahsulotlari eksportini kengaytirish borasida ham muayyan natijalarga erishilmoqda. Xususan, 18 nafar buxorolik hunarmand tomonidan 15 dan ortiq xorijiy davlatga umumiy qiymati 6,7 ming AQSH dollarilik mahsulot eksport qilindi.
[gallery-31986]
Eksport tarkibidan kandakorlik buyumlari, qimmatbaho metallardan tayyorlangan mahsulotlar, gilamlar, kulolchilik va kashtachilik namunalari o‘rin olgan.
Ayni paytda viloyatda hunarmandchilikning eksport salohiyatini yanada oshirish, mahalliy ustalarni xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarga keng jalb etish, tashqi bozor talablariga mos raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport qiluvchi hunarmandlar safini kengaytirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA