Buxoroda cho‘l yerlari o‘zlashtirilmoqda
Buxoro viloyatida foydalanishdan chiqqan 77,8 ming gektar va cho‘l yerlarini foydalanishga kiritish bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Bu borada Buxoro cho‘l yerlarini o‘zlashtirish ilmiy-amaliy markazi tashkil qilish bo‘yicha ishlar o‘tgan yil dastlabki oylaridan boshlangan. Buning uchun ayni paytda yer ishlarining manzilli dasturi hamda yer o‘zlashtirish tadbirlari bozor tamoyillari asosida, xususiy sektorni jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda. Buning uchun zarur bo‘lgan 300 millard so‘m mablag‘ni respublika byudjetidan Suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga ajratiladigan mablag‘ning elektr energiyasi xarajatlarini tejalgan qismi hisobidan moliyalashtirish talabi qo‘yilgan.
2021 yilda viloyatda 26 ming 520 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni, shu jumladan, 17 ming 440 gektar maydonda tomchilatib sug‘orishning zamonaviy texnologiyasini joriy qilish sa’y-harakati boshlangan. Hududda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish hisobidan 1,5 milliard kub metr hajmdagi “obi hayot”ni tejash va viloyatda zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishni tezlashtirish uchun 21 yilga mo‘ljallangan subsidiya mablag‘larining 50 foizini oldindan ajratish maqsadga muvofiqdir.

Viloyat hokimligi tomonidan respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2021-2022 yillarda suv tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llagan holda 5 ming gektar yerda intensiv bog‘ va 4,7 ming gektar yer maydonida uzumzor bog‘ barpo etish talabi qo‘yilgan.
Asosan cho‘l massivlariga tutash hududlarda bu kabi agrotexnik tadbirlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Mavjud imkoniyat, bilim, kuch hamda vositalar ishga solinmoqda. Masalan, ayni kunda bu borada viloyat miqyosida jami 51 ming gektar yer maydoni o‘zlashtirilayotgan bo‘lsa, bu agrotexnik jarayon 61 ta loyihani o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatli.
Zarif Komilov, O‘zA