Buxoro viloyatida jinoyatlar kamaygan
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Aliyev o‘tgan 2022 yilda sodir etilgan jinoyatlar, sabablari haqida ma’lumot berdi.
Sessiya ishida tegishli viloyat boshqarmalari, tashkilotlar, muassasalar rahbarlari, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Sessiyani xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripov boshqarib bordi.
Ta’kidlanishicha, 2022 yilda viloyatda jami 5 175 ta jinoyat qayd etilgan. Oldingi 2021 yilga nisbatan 92 taga yoki 1,8 foizga va jinoyat qidiruv sohasida 3 415 ta jinoyat sodir etilib, 200 taga yoki 5,5 foizga kamaygan.
Sodir etilgan jinoyatlarning 3 752 tasi hisobot yilida, 1 423 tasi avvalgi yillarda sodir etilgan bo‘lib, mazkur jinoyatlar 3 612 tasining oldini olish mumkin edi. 1 563 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlarni tashkil etadi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan yilda viloyatdagi 544 ta mahallaning 252 tasi yoki 46,3 foizida jinoyat sodir etilmagan. Jami qayd qilingan jinoyatlarning o‘sish sur’ati barcha tuman va shaharlarda kamaygan. Shuningdek, yoshlar, ayollar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sezilarli kamaygan. Qolaversa, viloyatning ayrim mahallalarida aholi soni 8 mingdan ortiq ekanligi, mahallalar hududida savdo ob’ektlari, ta’lim muassasalari va boshqa korxona, tashkilotlarning ham mavjudligi, mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektorining ish hajmiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmayotganligi, buning natijasida mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi oqibatida mazkur hududlarda kriminogen vaziyat yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa Buxoro shahri, Buxoro, G‘ijduvon, Kogon, Qorako‘l va Shofirkon tumanlaridagi jami 22 ta mahalla hududiga 1 nafardan jami 22 nafar profilaktika inspektori shtat birliklarini joriy etishni taqozo etishi qayd etildi.
Sessiyada ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA