Buxoro va jizzaxliklar Namangan sayohatida
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvining tashabbusi bilan yurtimizda ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayoxat qil!” shiori ostida Buxoro va Jizzax viloyatlaridan ellikdan ziyod nuroniylar, mahalla tizimi xodimlari, extiyojmand oilalar vakillari Namangan viloyatiga sayohatda bo‘ldi.
Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parki, Chortoq tumanidagi “Sulton Uvays Qaraniy” va “Bibi Naima” ziyoratgohlari, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Axsikent” arxeologik yodgorligi safar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Namanganning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan xalqaro gullar festivalining yubiley – oltmish beshinchi sanasi o‘zgacha shukuhda o‘tib, ayniqsa, 150 milliondan ortiq gullar ekilib, Gennesning rekordlar kitobidan o‘rin olgani nafosat shaydolarini yanada chorlamoqda. Festivalning asosiy manzili – Bobur bog‘i, qolaversa, shahar ko‘chalari bo‘ylab ekilgan rango-rang gullar ko‘pchilikda taassurotlar qoldirmoqda.

“Afsonalar vodiysi” tematik parkidagi zamonaviy attraksionlar, ko‘ngilochar tadbirlar Namanganning turistik salohiyatini oshirishda o‘z o‘rniga ega. Chortoq tumanida ekologik iqlimi, balki Islom olamidagi ahamiyati bilan e’tirof etilgan “Sulton Uvays Qaroniy” va “Bibi Naima” ziyoratgohlarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlar, ayniqsa, qadimiy Qur’oni Karim mushafi nusxasi turistlar oqimini ko‘paytiradi.
Uch ming yillik tarixdan sado beruvchi Axsikent yodgorligiga uyushtirilgan sayohat davomida Zahiriddin Muhammad Bobur yashagan davrda yashash sharoiti, yer osti suv tarmoqlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, Sirdaryo daryosi qirg‘oqlarida yaratilgan dam olish sharoitlari issiq havoda biroz hordiq chiqarishga ayni muddao bo‘ldi.

– Gullar diyoriga sayohatlimiz biz kutgandan ham yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Gullar bayramida namoyish etilgan maftunkor gullarni ko‘rib, tabiat mo‘’jizalaridan zavq oldik. “Afsonalar vodiysi” parkida joylashtirilgan attraksionlar yanada jozibali. Sulton Uvays Qaraniy va u kishining onasi Bibi Naima ziyoratgohlarini ko‘rish ko‘pchilikda bir umrlik esda qolarli voqelik bo‘ldi, – deydi buxorolik Rohila Shodiyeva. – Mirzo Bobur kindik qoni to‘kilgan Axsikent qishlog‘ida yaratilayotgan muzey va yodgorliklarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizni yaqinlarimizga o‘zgacha ruhda gapirib beramiz. Sirdaryo daryosining qirg‘oqlarida tashkil etilgan dam olish joylarida, suv kemalarida suzib zavq-shavq oldik. Bunday mazmunli sayohatni uyushtirishda jonbozlik ko‘rsatgan “Mahalla” jamoat fondi hamda Namangan viloyati hokimligi rahbariyatidan behad minnatdormiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.