«Buxoro» turnir peshqadamini yirik hisobda yengdi
Superligada kutilmagan natijalar qayd etildi. Peshqadam «Neftchi»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlandi. Buxoroliklarning g‘alabasi turnir jadvalidagi muvozanatni o‘zgartirdi. Ochkolar kurashi yanada qizg‘in tus oldi.
O‘zbekiston Superligasining 18-turidan o‘rin olgan ilk kungi uchrashuvlarda «Buxoro» va «So‘g‘diyona» jamoalari g‘alaba qozondi.
Turning markaziy bahsida «Buxoro» o‘z maydonida chempionat peshqadami «Neftchi»ni qabul qilib, 4:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Uchrashuvda hisob 37-daqiqada ochildi. Sherzod Esanov penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Nurmuhammad Abdug‘aniyev «Neftchi»ning javob golini kiritib, hisobni tenglashtirdi.
Tanaffusdan so‘ng «Buxoro» yana oldinga chiqdi. 46-daqiqada Sherzod Esanov o‘zining ikkinchi golini urib, dubl qayd etdi. 73-daqiqada Timur Mamasidiqov hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirgan bo‘lsa, 90+2-daqiqada Vladimir Rodich yakuniy natijani belgiladi — 4:1.
Shu tariqa, «Buxoro» klubi «Neftchi» jamoasining 11 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Mazkur g‘alabadan so‘ng buxoroliklar 33 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Neftchi» esa 42 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi.

Turning yana bir uchrashuvida «So‘g‘diyona» o‘z maydonida «Qizilqum»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Jizzaxliklar 39-daqiqada Lyupcho Doriyevning goli evaziga hisobni ochdi. 53-daqiqada Otabek Jo‘raqo‘ziyev javob golini kiritib, muvozanatni tikladi. 75-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan Zenan Zaymovich «So‘g‘diyona»ga g‘alaba keltirgan golni urdi.
Ushbu natijadan keyin «So‘g‘diyona» 24 ochko bilan sakkizinchi pog‘onaga ko‘tarildi. «Qizilqum» esa 20 ochko bilan 12-o‘rinda qoldi.
18-turning navbatdagi uchrashuvlari 19-avgust kuni o‘tkaziladi. Unda «OKMK» — «Dinamo» hamda «Mash’al» — «Andijon» jamoalari bahs olib boradi.
Shu o‘rinda, «Mash’al» — «Andijon» klublarining o‘zaro o‘yinlar tarixiga oid ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik. Jamoalar shu kungacha milliy chempionat bahslarida 37-marta to‘qnash kelgan. Ushbu bellashuvlarda «Mash’al» 19 ta, «Andijon» esa 13 ta g‘alabaga ega chiqqan bo‘lsa, 5 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. Muborakliklar raqib darvozasini 51 bor ishg‘ol qilib, 41 ta gol o‘tkazib yuborgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA