Buxoro osmonga yangi darvoza ochmoqda
Qadimiy Buxoro yana bir ulkan bunyodkorlik loyihasi bilan jahon hamjamiyati e’tiborini o‘ziga qaratmoqda. Ming yillik tarix va boy madaniy merosga ega bo‘lgan ushbu shahar yaqin kelajakda Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy aviatsiya markazlaridan biriga aylanishi mumkin. Bu esa nafaqat viloyat aholisi, balki millionlab sayyohlar va ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Buxoroda davlat-xususiy sheriklik asosida va uni boshqarish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyihaning xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otgani uning naqadar istiqbolli va strategik ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yirik infratuzilma loyihasida ishtirok etish istagini dunyoning turli davlatlaridan 51 ta xalqaro va mahalliy kompaniya bildirgan. Texnik, huquqiy hamda moliyaviy mezonlar asosida o‘tkazilgan puxta baholash jarayonlari natijasida 6 ta nufuzli xalqaro kompaniya dastlabki saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, tenderning keyingi bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Loyiha Buxoro tumanidagi “Qumsulton” massivida amalga oshiriladi. Bu yerda zamonaviy arxitektura va ilg‘or muhandislik yechimlarini o‘zida mujassam etgan yangi xalqaro aeroport majmuasi barpo etiladi. Uning tarkibida soatiga 1600 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega zamonaviy terminal, keytering markazi, keng avtoturargohlar, yuk tashish maydonlari va yonilg‘i quyish infratuzilmalari qurilishi rejalashtirilgan.

Muhim jihatlardan biri shundaki, aerodromning strategik ahamiyatga ega asosiy infratuzilmasi davlat tasarrufida saqlanib qoladi. Xususiy sherik esa yo‘lovchi terminali va unga tutash xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini qurish, jihozlash va boshqarish vazifalarini amalga oshiradi. Bu esa davlat va xususiy sektorning eng yaxshi tajribalarini uyg‘unlashtirgan holda samarali boshqaruv tizimini shakllantirish imkonini beradi.
Mazkur loyiha mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslarning amaliy ifodasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning ulkan turizm salohiyatini yanada ro‘yobga chiqarish maqsadida yangi xalqaro aeroport qurish bo‘yicha muhim topshiriqlari berilgan edi. Joriy yilning 10-aprel kuni Prezident Buxoroga tashrifi chog‘ida mazkur loyihaning konsepsiyasi va qurilish rejalari bilan shaxsan tanishdi.
Yangi aeroport va unga tutash infratuzilmalarni barpo etish uchun shahar tashqarisidan 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu esa kelajakda majmuani yanada kengaytirish va qo‘shimcha xizmatlar joriy etish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, aeroportga olib boruvchi zamonaviy avtomobil yo‘li qurilishi ham rejalashtirilgan. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 2,7 kilometr mutlaqo yangi yo‘l qurilib, 21,1 kilometr mavjud yo‘l rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, harakat xavfsizligi va qulayligini ta’minlash maqsadida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yerosti piyodalar yo‘lagi hamda 8 ta ko‘prik barpo etiladi.
Loyihaga muvofiq, aeroportda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan zamonaviy uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. U barcha turdagi zamonaviy havo kemalarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish standartlari asosida tashkil etiladigan aerovokzal majmuasi yo‘lovchilar uchun maksimal qulayliklarni taqdim etadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur aeroport nafaqat transport infratuzilmasining yangi ob’ekti, balki Buxoroning iqtisodiy taraqqiyoti uchun kuchli drayver vazifasini bajaradi. U xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, sayyohlar oqimini bir necha barobar oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, yangi aeroport qadimiy Buxoroni jahonning yirik turistik va ishbilarmonlik markazlari bilan yanada yaqinlashtirib, shaharning xalqaro nufuzini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu loyiha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy infratuzilma va ochiq iqtisodiyot siyosati samaralarining yorqin namunasi bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri