Buxoro: Jilvon go‘zal maskanga aylanmoqda
Prezident topshirig‘i – amalda
2024 yil 12 avgust kuni videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish ekanini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, bugun Shofirkon tumanida ham keng ko‘lamli loyihalarga qo‘l urilmoqda.

Jumladan, Jilvon cho‘li bag‘rida turistik maskan barpo etish tashabbusini ilgari surgan tadbirkor agro-ekoturizm maskanini barpo qildi. Buxoro shahridan 60 km uzoqlikdagi bu maskanda bugun bir million dona ko‘chat yetishtirilmoqda. 8 gektar maydonda 20 dan ortiq nihollar parvarishi cho‘l bag‘rida haqiqiy tabiat mo‘’jizasini namoyon qilgan.

– 2004 yil shu hududga kelib ikki gektar yerda ish boshlagandim, – deydi tadbirkor Afzal Qo‘shshayev. – Hozirgi kunda maydon kengayib 50 gektarga yetdi. Biologiya yo‘nalishida tahsil olganim uchun o‘simliklarga qiziqishim katta. Sinov tariqasida dorivor goji, tapinampur, azmarin, lavanna, na’matak kabi o‘simliklar ham ko‘paytirilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 500 mingdan ziyod ko‘chat yetkazib berilmoqda.

Hozirda hududlarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, etno, gastronomik va ekoturizm bo‘yicha qo‘shimcha maskanlar yaratish ishlariga jiddiy kirishildi. Shofirkonning Jilvon cho‘li kengliklarida ham 8 gektar maydonga bog‘ yaratishni maqsad qilgan Afzal Qo‘shshayevning tashabbusi bugun dam olish maskani barpo bo‘lishiga olib keldi. Bunday joyda ko‘chat ko‘kartirishning o‘zi bo‘lmaydi. Ammo mashaqqatlarga bo‘yin egmagan mirishkorning sahrodagi bog‘ida bugun daraxtlar soni kundan-kunga ko‘paymoqda.

– Ekoturistik markazning bir gektarida turistlar uchun alohida 20 xil mevali nihol ekilgan, – deydi tadbirkor Afzal Qo‘shshayev. – Har bir mavsumda turistlar o‘z qo‘llari bilan mevalarni uzib yeyish uchun sharoitlar yaratilgan. Shaftoli, zardoli, qaroli, bodom, olmaning 4-5 turi mavjud. Ayni kunda mavsumiy ishchilardan tashqari 20 nafar aholi ish bilan ta’mingan.
Shahzoda Rahmonova ham Jilvon cho‘lining injiqliklarini yaxshi biladi. U bugun viloyatning olis hududida tashkil qilingan ekoturistik maskanning yanada ko‘rkam bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

– Yoshligimdan o‘simliklarga qiziqaman, – deydi bog‘ ishchisi Shahzoda Rahmonova. – Asosan bog‘da manzarali va mevali daraxtlarni parvarish qilamiz. Shuningdek, pomidor, bodring, loviya, poliz mahsulotlari, piyoz, sholg‘om, kartoshka, sabzi kabi mahsulotlarni ham yetkazamiz. Bog‘imizning bir qismi gulzorga aylantirilgan.

Maskan “Yashil makon” loyihasi doirasida ham viloyat bo‘yicha yangi turdagi ko‘chatlarni yetkazib berishni maqsad qilgan. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, cho‘l iqlimiga moslashtirilgan daraxtlar Buxoroning cho‘llashgan va sho‘rlangan hududlariga ham to‘la mos keladi.

Kelgusida, cho‘l bag‘ridagi so‘lim go‘shani ekoturizmga qiziquvchi mehmonlar uchun muhim marshrutga aylantirish reja qilingan. Davlatimizning e’tibori, yaratilayotgan imkoniyatlar sabab Jilvon bag‘rida so‘lim maskanlar barpo etilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.