Butunjahon tozalik kuni Afrosiyob tepaliklarida
Samarqandda 19-sentabr – Butunjahon tozalik kuni (World Cleanup Day) munosabati bilan shahardagi qadimiy Afrosiyob tepaliklarida plogging eko-aksiyasi o‘tkazildi.
“Hayot uchun joy ajrating!” shiori ostidagi tadbir Samarqand viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda uning tizimidagi chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.
Eko-aksiyada viloyatning turli hududlaridan kelgan 320 nafar ko‘ngilli ekofaol yoshlar qatnashdi. Ular 32 guruhga bo‘linib, Afrosiyob tepaligi va uning atrofidagi hududlarni maishiy hamda qattiq chiqindilardan tozalash ishlarini amalga oshirdi.

Tadbir davomida hududdan 4 ta maxsus chiqindi tashuvchi avtomashinaga 7 tonna turli xil maishiy va qattiq chiqindilar yig‘ilib, belgilangan tartibda olib chiqildi.

Tashkilotchilarning qayd etishicha, aksiya nafaqat hududni obodonlashtirish va tozalash, balki yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha jamoatchilik faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida eng faol ishtirok etgan guruhlar va ishtirokchilar aniqlanib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri