Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan uchrashuv o‘tkazildi
Yoshlarni giyohvandlikdan asrash — kelajakni himoyalash. Yakkasaroyda o‘tgan muhim uchrashuv bu illatga qarshi kurashda har birimizning mas’uliyatimizga urg‘u berdi.
26-iyun – Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan Yakkasaroy tumanida yoshlarni zararli illatlardan asrash, ularning huquqiy ongi va mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
To‘qimachilik va yengil sanoat institutida tashkil etilgan tadbir Yakkasaroy tuman hokimligi hamda Toshkent shahar sudi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning giyohvandlikka qarshi kurashish masalasiga bag‘ishlangan murojaati namoyish etildi.
Murojaatda giyohvandlik inson hayoti, oila va jamiyat kelajagiga jiddiy tahdid ekani, bu illatga qarshi kurash har birimizning fuqarolik burchimiz ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yangi qonun orqali giyohvand moddalarning zamonaviy tarqatish usullariga qarshi keskin choralar belgilangani, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni himoya qilish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilgani qayd etildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda bu illatning inson salomatligi va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri haqida atroflicha fikr bildirdi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilarni befarq bo‘lmaslikka, yoshlar tarbiyasi va kelajagi uchun birgalikda mas’uliyatni his etishga undadi.
Zero, giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi.
Sherbek Islomov,
O‘zA