“Bunyodkor"ning ichki yo‘llari ta’mirlanmoqda
Boyovut tumanining Bunyodkor mahallasi hududidan o‘tgan 11, 3 kilometr yo‘lning qurilganiga ham ancha bo‘lgandi. Yaqinda tuman hokimligi tomonidan savob ishga qul urildi. Ana shu yo‘lning ta’mirtalab, aholiga muammo tug‘dirayotgan qismini qayta qurish, ta’mirlash va shag‘al to‘kish bilan bog‘liq yumushlar tuman infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritildi. Bu esa, bunyodkorliklarning bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘shdi.
Ana shu ishlar samarasida tuman hokimi Dilffuza O‘rolovaning tashabbusi bilan Tarovat va Orasta ko‘chalari kesishmasida joylashgan Sarbon ko‘chasining yarim kilometrdan ko‘proq qismi asfalt qilingan bo‘lsa, yaqin kunlarda Kiyik tepa A ko‘chasining 1 kilometriga asfalt yotqizildi. Bundan tashqari, 1 kilometr 650 metrida shag‘al to‘kish ishlari amalga oshirildi.

– Bunyodkor mahallasida 532 ta xonadon bo‘lib, unda 3065 nafar fuqaro istiqomat qiladi,– deydi mahalla raisi Dostonbek Toirov. –Haqiqatdan ham, ko‘p ko‘chalarimiz ta’mirtalab, bu esa yog‘ingarchilik kunlarida aholiga turli noqulayliklar tug‘dirayotgan edi. Bugun bitta, ertaga boshqa ko‘chamiz, xullas, yaqin fursatlarda muammoli ko‘chalardan butunlayin xolos bo‘lamiz. Buning uchun davlatimiz rahbariga rahmat.

–Yo‘l qurish – savob. Yo‘l quruvchilari yo‘lni juda sifatli, ko‘ngildagidek ta’mirlab berdi. Nasib qilsa, qolgan ko‘chalarimiz ham asfalt qilinsa, hech qanaqa shahardan farqimiz qolmaydi,–deydi faxriy Bozorboy bobo Jo‘rayev.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri