Bunyodkorlik yo‘lidagi ezgu qadamlar
Yil sayin hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli yurtimiz shahar va tumanlar qiyofasi tubdan yangilanmoqda. Mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi ishlar bugun har bir manzilda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Har bir manzilda zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari asosida hududlarni kompleks rivojlantirish, arxitektura va qurilishda milliylik hamda zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘lar, istirohat maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, yoritish tizimlari hamda kommunal tarmoqlarning yangilanishi nafaqat hududlar ko‘rinishi, balki odamlar hayot sifati o‘zgarishiga ham xizmat qilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati markazi bo‘lgan Nurafshon shahri ham davlat tomonidan tasdiqlangan bosh rejaga ko‘ra “Nurafshon city” hududida bunyodkorlik ishlari avjida. Bu yerda davlat va jamoat tashkilotlarining ma’muriy binolari qurilib, foydalanishga topshirilib, ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurishda belgilangan talablarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endi avvalgi To‘ytepaning oddiy hovli uylari birin-ketin o‘z o‘rnini baland binolarga bo‘shatib bermoqda.

Xususan, Migratsiya agentligining Toshkent viloyati filialining ma’muriy binosi qurilishiga start berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda dastlab binoning loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Jarayonda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Behzod Musayev ishtirok etdi.
Zamonaviy me’moriy yechimlar va qurilish standartlari asosida barpo etiladigan 4 qavatli binoning umumiy maydoni 2540 kvadrat metrni tashkil etadi. Loyihada xodimlar uchun qulay va samarali mehnat sharoitlarini yaratish, aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Binoda zamonaviy o‘quv-amaliyot va xorijiy tillarni o‘rgatish xonalari, xizmat xonalari, uzoq hududlardan kelib tahsil oluvchilar uchun yotoqxona, majlislar zali, avtoturargoh hamda obod va yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Taqdimot davomida mutaxassislar va mutasaddilar tomonidan loyihani belgilangan talablar asosida yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, mazkur ma’muriy binoni joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Tadbirda mamlakatimizda fuqarolarning xorijda qonuniy, xavfsiz va munosib mehnat qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, Qur’on tilovat qilinib, xayr-saxovat va ezgu niyat ramzi sifatida qo‘y so‘yildi. Nuroniylar va faxriylar yurt tinchligi, xalq farovonligi hamda ushbu maskanning el-yurt manfaati yo‘lida xizmat qilishini tilab duo qildi.
Bundan tashqari, Nurafshon shahrida yana bir muqaddas maskan qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Hudud tarixida alohida o‘rin tutgan mazkur qadamjo 2019-yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda muhim tarixiy-ma’naviy maskanlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tashabbusi bilan mazkur manzilda keng ko‘lamli ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, majmua hududi kengaytirilib, zamonaviy infratuzilma yaratildi, yashil hududlar barpo etildi hamda ziyoratchilar uchun barcha qulay sharoitlar tashkil etildi. Shu bilan birga, maskanning tarixiy qiyofasini asrab-avaylash va uning ma’naviy ahamiyatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muborak Qurbon hayiti arafasida ushbu muqaddas qadamjoning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “Mushuk ota” qadamjosining boy tarixini chuqur o‘rganish, uni yosh avlodga yetkazish hamda yurtdoshlar orasida keng targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Mazkur bunyodkorlik ishlari yurtimizda muqaddas qadamjolarni asrash, tarixiy merosni tiklash va xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini ulug‘lash borasida olib borilayotgan ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasidir.
A.Musayev, O‘zA.