bugungi kunda ta’lim tizimidagi islohotlar
Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash, ularning qobiliyat va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi 5 yil ichida oliy ta’lim tizimida ham ko‘plab yangiliklar va islohotlar natijasida tizimda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lyapti.
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6108-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish borasida bir qator vazifalar belgilangan. Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi deya bejiz aytilmadi. Bugun Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida to‘lqinlanib so‘zlamaslikning iloji yo‘q. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq».
bugungi kun talabi ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, xalqaro e’tirofga erishish hamda boshqa ko‘plab aniq yo‘nalishlardan iborat. Bularning barchasi ta’lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun xizmat qiladi. O‘zbekistonda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos malakali kadrlar tayyorlash hamda Uchinchi Renessans g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish maqsadida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga, ayniqsa, uning dunyo standartlari darajasiga chiqishiga to‘siq bo‘layotgan omillar ham yo‘q emas. Bu kechiktirib bo‘lmaydigan jiddiy masalalar nimalardan iborat va ularni yechish yo‘llari qanday? Davlat ta’lim standartlarining YUNESKO tomonidan qabul qilingan xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga mos kelishi zarurati bilan bog‘liq. Vaholanki, bu xalqaro standartda ta’lim sohasining barcha bosqichlariga oid me’yorlar aslida qanday bo‘lishi, qay tarzda bo‘lsa, yuqori natijalarga erishish mumkinligi aniq belgilab berilgan. Bizning ta’lim tizimimizda bu me’yorlar ko‘zda tutilmagan. Holbuki, jahon tajribasiga ko‘ra, milliy ta’lim standartlari o‘z ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy xususiyatlariga ega bo‘lgan davlatlar tajribasiga emas, balki xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga asoslanishi zarur. Shunda jahon standartlari talablariga javob bera oladigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoni oshadi. Dunyoning rivojlangan davlatlari qatori O‘zbekistonda ham yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida — to o‘tgan asrning oxirlarigacha 1976 yilda ishlab chiqilgan xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartidan foydalanib kelindi. Biroq dunyo ta’lim tizimiga kiritilgan keyingi yangiliklar natijasida ushbu asosiy konseptual hujjat ikki marta yangilandi. Xalqaro standartga asosan har bir ta’lim darajasi uchun ta’lim dasturlari va ularga mos ravishda malaka talablari ishlab chiqilishi ta’lim sifatining oshishiga asos bo‘ladi. Ta’lim tizimini darajalarga ajratish esa uning uzluksizligi va ketma-ketligini ta’minlaydi. Bu tushuncha va tamoyillar xalqaro ta’lim klassifikatsiyasining asosiy vazifalaridan biridir. O‘tgan yillarda xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, o‘qituvchi nufuzini oshirish, o‘sib kelayotgan avlodni intellektual salohiyatli, zamonaviy bilimlarga ega qilib tarbiyalash, bilim berish, umumta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan bir qancha Prezident farmonlari va qarorlari qabul qilindi. Ularning barchasi bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilib, amaliy natijalarga erishilmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi
Rasulova Mahbuba