Bugundan muddatidan oldin ovoz berish boshlandi
24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hal qiluvchi bosqichga kirdi.
Farg‘ona viloyatidagi 1 ming 203 ta saylov uchastkalarida tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Bu siyosiy jarayonda 2 million 182 mingdan ziyod farg‘onaliklar konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshiradi. Saylovchilarning 634 ming 586 nafarini 18-30 yoshdagilar tashkil etayotgan bo‘lsa, 141 ming 615 nafari birinchi marta ovoz beruvchi yoshlardir.
Saylov uchastkalarida Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ni tarqalishi xavfini oldini olish to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma asosida ishlar tashkil etilmoqda. Komissiya a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari himoya va profilaktika vositalaridan foydalanadi.
-Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega, -deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11–Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyev. - Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida, ya’ni bugun 2021 yil 14 oktyabrdan boshlandi va saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladi. Saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida muddatidan oltin ovoz berish huquqidan foydalanadi. Buning uchun saylov uchastkalarimizda barcha sharoitlar yaratildi, yetarli saylov byulletenlari bilan ta’minlangan.
M. Sulaymonov, O‘zA