Bugun – xalqaro yoshlar kuni
Rivojlanishni maqsad qilgan mamlakat borki, o‘z yoshlariga e’tibor qaratadi. Bunda o‘z-o‘zidan xalqaro miqyosdagi do‘stona aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuni inobatga olgan holda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1999-yildagi 54/120 rezolyutsiyasi bilan Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilindi. Shundan beri har yili 12-avgust sanasi butun dunyo bo‘ylab Xalqaro yoshlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning qobiliyatlari va salohiyatini e’tirof etish, shuningdek, ularning duch kelayotgan qiyinchiliklariga e’tibor qaratish uchun ajratilgan.
Xalqaro yoshlar kunini nishonlash g‘oyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoshlar masalalariga e’tiborni jalb qilish harakatlari doirasida paydo bo‘ldi.
Bundan ko‘zlangan maqsad butun dunyo yoshlarini qiynayotgan muammolarga hamjihatlikda yechim topish va ularning g‘oyalarini jahon hamjamiyati darajasida qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Shuning uchun ham Har yili xalqaro yoshlar kuni ma’lum bir mavzuga bag‘ishlanadi. Mavzular yoshlar oldida turgan dolzarb muammolarni hisobga olgan holda tanlanadi.
Umuman olganda, bu kunda yoshlarning xalqaro munosabatlarda faolligi ham bir pog‘ona yuqorilaydi. Qolaversa, dunyo hamjamiyatidagi dolzarb masalalarga ularning qarashlari ham alohida inobatga olinadi.
Sherbek Islomov, O‘zA