Bugun – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Har yili 15 oktyabrda butun dunyo bo‘ylab Xalqaro qishloq ayollari kuni bayram qilinadi. Ilk bor 2008 yil nishonlangan bu sana 2007 yil 18 dekabrdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiya bilan rasman e’lon qilingan. Mazkur hujjatda qishloq ayollarining xo‘jalik va taraqqiyotni jadallashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qashshoqlikni bartaraf etishdagi muhim o‘rni e’tirof etilgan.
BMT veb-saytida gender tenglikka erishish va ayollar huquqini kengaytirish qashshoqlik, ochlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning muhim tarkibiy qismi ekani ta’kidlangan.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi ishchi kuchining salmoqli qismini tashkil etadigan ayollar atrof-muhit va biologik xilma-xillikni saqlashga munosib hissa qo‘shadi. Fermer ayollar iqlim o‘zgarishiga tez moslashadi.

Ma’lumki, barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotini qo‘llash, qurg‘oqchilikka chidamli urug‘lardan foydalanish, kam sarflanadigan yoki organik tuproqqa ishlov berish usullarini qo‘llash yoki jamoa asosidagi o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha faol sa’y-harakat olib borilmoqda.
Binobarin, qishloq xotin-qizlari yerga nisbatan huquq va kreditdan tortib, ta’lim va texnologiyagacha – qator resurslardan foydalanishda keng imkoniyatga ega emas. Ayollar erkaklar kabi ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lganda, fermer xo‘jaliklari hosildorligi 20-30 foiz oshib, qo‘shimcha 100-150 million kishini oziqlantirish mumkin bo‘lardi.
2024 yil uchun “Qishloq ayollari tabiatni umumiy kelajagimiz uchun asraydi: gender tenglikka erishish, ayollar va qizlar imkoniyatini kengaytirish uchun iqlim barqarorligini oshirish, biologik xilma-xillikni saqlash va yerga g‘amxo‘rlik qilish” ushbu sana shiori sifatida tasdiqlangan.
G.Sattorova, O‘zA