Bugun tug‘ilgan kun – Sa’dulla Hakim (xotira)
She’riyat ixlosmandlari Sa’dulla Hakimni “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so‘z”, “Ko‘ngil yuzi”, “Ko‘hna naql” kabi kitoblari orqali yaxshi biladi.
Sa’dulla Hakim 1951 yil 25 martda Jizzax viloyati Forish tumani tug‘ilgan. U 1977 yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini tugatgan.
U mehnat faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. Turli yillarda “O‘zbekistonda sotsial ta’minot” jurnalida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “O‘zbekiston ovozi” va “Ma’rifat” gazetalarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida, “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligida mehnat qilgan.
U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zosi edi. Sa’dulla Hakim 2002 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
Sa’dulla Hakim 2020 yil 11 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan. Ijodkor 2016 yil 29 dekabrdan umrining oxiriga qadar O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga rahbarlik qildi.
Navoiy va Bobur
Ona tili ori, g‘ururi
Asrlardan sado beradi.
Navoiydan so‘z ayta turib,
Tilga Bobur kelaveradi.
Olti kunda yaralmish olam
Va odam ham. Shukrona ayta
Biz fevralning olti kunida
Tug‘ilamiz har yili qayta.
Hali borliq qish uyqusida,
Hali ko‘zin ochmayin bodom, —
Turkiy zamin kengliklarida
Chaparasta gullaydi odam.
Sen, ey ko‘ngil, gar tilarsan xo‘b,
So‘z sehridan umringga najot, —
Mir Alisher etagini o‘p,
Bobur Mirzo eshigida yot…
Ona tili ori, g‘ururi
Asrlardan sado beradi.
Navoiydan so‘z ayta turib
Dilga Bobur kelaveradi!
***
PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shayotgan insonlar, davlat va jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37
Saytimizni kuzatib boring!