Bugun sektor rahbarlari hududlarda nimalarga koʻproq eʼtibor qaratishi lozim?
Ishchi guruh aʼzolari monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlamoqda.
Qibray tumani hokimi Miraʼzam Mirqosimov boshchiligida 4 ta sektor rahbarlari tuman markazidagi dorixonalarda boʻlishi kerak boʻlgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlar roʻyxatini oʻrganib chiqdi. Unga koʻra, aholini zarur dori-darmon vositalari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashga doir chora tadbirlar rejasi shakllantirildi.
Masʼullarga dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini zudlik bilan kuchaytirish, aholiga qoʻshimcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish kerakligi haqida tezkor topshiriq berilib, qatʼiy vazifalar yuklandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi Akmal Tillayev hududdagi 54-sonli dorixonada boʻldi. Shuningdek, DSI boshligʻi, tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori pandemiyaga qarshi qoʻshimcha tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Ayni paytda soliq idoralari tomonidan aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini oshirilgan narxlarda sotish holatlarini profilaktika qilish va ularning oldini olish maqsadida tizimli ishlar olib borilishi yoʻlga qoʻyildi.
Qibray tumani hokimligi va sektor rahbarlari bilan birgalikda belgilangan muddatda kasallanish, bemorlar soni, davolanish kurslari va boshqa mezonlarni inobatga olgan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlariga boʻlgan ehtiyojni aniqlash va monitoring oʻtkazish maqsadida ishchi guruhi tashkil etilgan.
Ishchi guruh aʼzolari monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlamoqda.
Sektor rahbarlari tomonidan uyda davolanayotgan bemorlarning tibbiy ahvoli aniqlashtirilib, ularga bepul dori-darmon vositalari yetkazib berildi.