Bugun Jahon diabetga qarshi kurash kuni
Butun dunyoda nishonlab kelinayotgan “Qandli diabetga qarshi kurash kuni” – “World Diabetes Day” 1991 yil Xalqaro diabet federatsiyasitomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda ta’sis etilgan.
Mazkur sana kanadalik shifokor, fiziolog Frederik Banting tug‘ilgan kuni bilan bog‘lanadi. Banting hamkasblari Jon MakLeod va Charlz Best bilan birga qon tarkibidagi shakar yoki glyukoza miqdorini tartibga soluvchi gormon – insulinni kashf etgan. Buning uchun olim Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
2006 yil 20 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Jahon qandli diabetga qarshi kurash kunini belgilash to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Hujjatda inson salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, davolash xizmatidan foydalanish, tibbiy ta’lim olish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakat zarurligi e’tirof etilgan. Bosh Assambleya shuningdek, barcha a’zo davlatlarga diabetning oldini olish, ushbu xastalikni davolash va parvarish qilish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqishni tavsiya qildi.
Qandli diabet jiddiy, surunkali kasallik bo‘lib, oshqozon osti bezi yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarmaganda yoki organizmda yetiladigan insulin samarali ishlatilmaganda rivojlanadi. Hozirgi vaqtda qandli diabetning ikki turi mavjud. 1-toifa insulinga bog‘liq, asosan 30 yoshgacha bo‘lganlarda kuzatiladi. 2-toifa insulinga bog‘liq emas. Bunday bemorlarda insulin ishlab chiqariladi va parhezga rioya qilish, faol hayot tarziga odatlanish orqali ular shakar darajasini uzoq vaqt davomida me’yorida ushlashi, asoratning oldini olishi mumkin.
1-toifa diabetning belgilari to‘satdan paydo bo‘lishi mumkin. Bunga ko‘p siyish (poliuriya), tashnalik (polidipsiya), doimiy ochlik, vazn yo‘qotish, ko‘rish qobiliyati o‘zgarishi va charchoq kiradi. 2-toifa, asosan, ortiqcha vazn va jismoniy harakatsizlik natijasida yuzaga keladi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 40 yil ichida dunyoda qandli diabet bilan kasallanganlar soni to‘rt barobar ko‘paygan. Ushbu yagona jiddiy yuqumli hisoblanmaydigan kasallikda erta o‘lim xavfi kamaymasdan, aksincha tobora ortmoqda.
Xalqaro qandli diabet federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hozir sayyoramizda mazkur xastalikka chalingan 537 million yoshi ulug‘ kishi bor. Ya’ni, katta yoshli aholining har o‘ninchisi “qand” bilan og‘rigan. Bunday bemor to‘g‘ri davolanmasa, xastalik ko‘rlik, oyoq-qo‘l amputatsiyasi, buyrak yetishmovchiligi, yurak xuruji, insult kabi asoratlar kelib chiqadi.
S.Rahimov,
O‘zA