Bugun “Dunyo” axborot agentligi tashkil topgan kun
“Dunyo” axborot agentligi – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida 1995 yil ish boshlagan “Jahon” axborot agentligi negizida tashkil topgan. Hozir mazkur agentlik tarkibiy bo‘linmasida Media-markaz ham faoliyat yuritmoqda.
Agentlik faoliyati mamlakatimizning ichki va tashqi siyosati asosiy yo‘nalishlari, xalqaro tashabbuslari, eksport, investitsiya va turistik salohiyati, yurtimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi jarayonidan xalqaro hamjamiyatni, shu jumladan xorijiy siyosatchi-ekspertlarni xabardor qilish bo‘yicha tizimli ish olib borishni nazarda tutadi.
Jamoa zamonaviy texnologiya vositalaridan foydalangan holda sifatli axborot, tahliliy va keng qamrovli bosma materiallar, videorolik, teleko‘rsatuvlar, respublikamiz va xorijiy davlatlarda ro‘y berayotgan voqealar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportajlarni tayyorlash va tarqatish orqali media bozoridagi o‘rnini tobora mustahkamlamoqda. Shu bilan birga Angetlik samarali faoliyat orqali O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
“Dunyo” axborot agentligi mamlakatda amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarishlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqaro hamjamiyatga tezkor yetkazish maqsadida izchil ish olib boradi. Xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan rasmiy axborot almashish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda mahalliy va xorijiy axborot organlari, media tuzilmalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik muntazam rivojlantirilmoqda.
Agentlik davlatimiz delegatsiyalarining xorijga va xorijiy delegatsiyalarning respublikamizga tashriflari, uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek kundalik va dolzarb xalqaro masalalar bo‘yicha O‘zbekistonning rasmiy pozitsiyasini aks ettiradigan materiallarni keng yoritib keladi. Respublikaning xorijdagi muassasalari tomonidan chet ellik sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xorijdan investitsiya va sayyohlarni jalb qilish, chet ellardagi O‘zbekiston Respublikasi jismoniy hamda yuridik shaxslari huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish, xorijiy davlatlardagi vatandoshlar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida xorijiy va mahalliy jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilib boradi.
Agentlik xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar huzurida vakillariga ega respublikamizning yagona ommaviy axborot vositasi hisoblanadi.
“Dunyo” jamoatchi muxbirlari ayni payt Buyuk Britaniya, Belgiya, Misr, Hindiston, Isroil, Rossiya, AQSH, Fransiya, Turkiya va Yaponiyada faoliyat ko‘rsatmoqda. Agentlik eng yirik mahalliy va xalqaro axborot agentliklari, jumladan O‘zbekiston milliy axborot agentligi – O‘zA, shuningdek mamlakatimizda chop etilayotgan yetakchi davriy nashrlar, Milliy teleradiokompaniya bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan.
O‘zA