Bugun 6 nafar taekvondochimiz Osiyo chempionatida jang qiladi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida taekvondo bo‘yicha o‘tayotgan qit’a chempionatining navbatdagi kunida uch nafar sportchimiz tatamiga chiqdi.
Quvonarlisi, mazkur musobaqaning 58 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan Omonjon Otajonov hamda -74 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilgan Najmiddin Qosimhojiyev musobaqani bronza medali bilan yakunlab, milliy terma jamoamiz hisobidagi medallar sonini 5 taga yetkazdi.

Shu tariqa, ayni paytga qadar O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 1 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronzaga yetdi.
Qit’a birinchiligining uchinchi kunida esa yana olti nafar hamyurtimiz sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Jumladan, 23-may kuni o‘tadigan bellashuvlarda Nazarali Nazarov (-63 kg), Yodgorbek Jo‘raboyev (-87 kg), Shohjahon Karimboyev (-87 kg), Laylo Zayniddinova (-53 kg), Sevinch Hayitova (-67 kg) hamda Ozoda Sobirjonova (-67 kg) mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA